Ijtimoiy tarmoqlarda 29 noyabr kuni soat 20:05da Andijon viloyatidagi 3-Tergov hibsxonasida xodimlar mahbus O.G`ulomovani 1 oylik chaqalog`i bilan urib, tepib, turli xil uyatli so`zlar bilan haqorat qilayotganlari haqida xabar tarqaldi.
Mazkur holat bo`yicha kecha, 30 noyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili jamoatchilik vakillari bilan birgalikda 3-son Tergov hibsxonasida o`rganishlar olib bordi.
Mahbus O.G`ulomova bilan suhbat davomida u ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan xabarni tasdiklab, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) nomiga shikoyat yozdi. Faqatgina, O.G`ulomova farzandi olib qo`yilganligini va o`zi tinchlantirish xonasiga joylashtirilganligini tasdiqlamadi. Farzandi doim o`zi bilan birga bo`lgan va tinchlantirish xonasiga joylashtirilmagan.
Shuningdek, holatga aniqlik kiritish maqsadida O.G`ulomova bilan bir kamerada saqlanayotgan 3 nafar shaxs bilan ham suhbat o`tkazilib, ulardan ham holat yuzasidan tushuntirishlar olindi.
Shu kuni holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi o`tkazilib, ekspertiza natijasiga ko`ra, O.G`ulomovaning badanida tan jarohatlari aniqlanmadi.
To`plangan hujjatlar O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksida belgilangan tartibda ko`rib chiqishlik uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.






