Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan noqonuniy migrasiyaga qarshi kurash yo`nalishida ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o`tkazildi, deya xayuar bermoqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, DXX Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand shahrida yashovchi, 1979 y.t. shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uni Meksika davlati orqali Amerika Qo`shma Shtatlariga yuborishni va`da qilib, 25 ming AQSh dollari talab qiladi. Mazkur shaxs hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga oldindan 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, Pastdarg`om tumanida yashovchi, 1991 y.t. shaxs Kattaqo`rg`on tumanida istiqomat qiluvchi, 1996 y.t. tanishi bilan kelishgan holda,mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uni Turkiya-Armaniston-Nikaragua-Meksika yo`nalishi orqali Qo`shma Shtatlarga yuborishni va`da qilib, evaziga 23 ming AQSh dollari talab qiladi. Ammo, ular oldindan 12 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
DXX Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon tumanida yashovchi, 1999 y.t. shaxs Qo`qon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni Amerikaga yuborishni va`da qilib, evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






