1

OITSdan xalos bo`lgan birinchi bemor yoxud asr vabosi haqida 20 dalil

Salomatlik 01.12.2023, 11:47
OITSdan xalos bo`lgan birinchi bemor yoxud asr vabosi haqida 20 dalil

Tibbiyot kun sayin rivojlanib bormoqda. Bu quvonarli hol, albatta. Ammo afsuski, bugungi kunda to`liq davosi topilmagan bir qancha og`ir kasalliklar ham yo`q emas. Va hech bir inson, u kim bo`lishidan qat`i nazar, kutilmagan tashxisdan yuz foiz himoyalanmagan. Misol uchun, OIV (Odam immun tanqisligi virusi)ni olaylik. Ushbu virusni “ko`rinmas qotil” deb ham atashadi. Jins, irq va millat tanlamaydigan bu virus ilk bor o`tgan asrning 1981 yilida aniqlangan edi. Bugun esa Er yuzida mazkur ofatdan aziyat chekayotganlar soni 39 milliondan oshgan (unaids 2022-yil so`ngida e`lon qilgan ma`lumotlarga asoslanib). Statistika o`z yo`liga. 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni. Mazkur kun munosabati bilan"darakchi.uz" Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi shifokori Shuhrat AKBAROV ma`lumotlari asosida OIV va OITS haqida siz bilmagan dalillarni taqdim etadi.

  1. OITS (AIDS) atamasi ilk bor bundan 41 yil avval tilga olingan edi. OITS bilan bog`liq o`limlar 2004 yildan buyon deyarli 70% ga kamaydi.
  2. Bugungi kunda YuNEYDS ma`lumot berayotgan natijalarga qadar dunyo, jamiyat va ilm-fan uzoq yo`lni bosib o`tdi: 

• OIV infeksiyalari bilan bog`liq holatlar soni 1980 yillardan buyon eng past ko`rsatkichga tushib, 1995 yilgi eng yuqori cho`qqidagi ko`rsatkichlardan buyon deyarli 60% ga kamaydi; 

• 2004 yildan beri OITS bilan bog`liq o`limlar soni qariyb 70% ga kamaygan; 

• qariyb 30 million kishi OIV infeksiyasidan davolanish imkoniyatiga ega, 9 million kishi esa buni kutmoqda; 

• Jahonning 5 mamlakati OITSga barham berish yo`lidan borib, kutilayotgan marraga 3 yil erta erishmoqda; 

• Yana 16 ta mamlakat ushbu maqsadlarga erishishga yaqin turibdi. 

 Bularning bari OIV profilaktikasi, diagnostikasi va davolash sohasida qirq yildan ziyod vaqt davomida olib borilgan sa`y-harakatlar tufaylidir. 

3. 1981 yil: AQShdagi birinchi holat

OITS bo`yicha ilk rasmiy ilmiy hisobotlar 1981-yil iyun-iyul oylarida AQSh Kasalliklarni nazorat qilish markazi (CDC)ning "Kasallanish va o`lim bo`yicha haftalik hisoboti"da nashr etilgan og`ir pnevmosist pnevmoniya va Kaposhi sarkomasi holatlari haqidagi maqolalar edi.  Olim Maykl Gotlib ilk bor immun tizimga chuqur zarar etkazadigan yangi kasallikni tasvirlab berdi. 

4. 1982 yil: OITS atamasi paydo bo`ldi 

To`liq tahlil amerikalik tadqiqotchilarni ilgari noma`lum bo`lgan sindrom mavjud degan xulosaga olib keldi. 1982-yil 24-sentyabrda CDC birinchi marta OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi —AIDS) atamasini qo`lladi va kasallikni aniqladi. 

5. 1983-1984 yillar: virusning aniqlanishi 

1983 yilda fransuz olimi Montane kasallikning virusli xususiyatini aniqladi. U OITS bilan kasallangan bemordan olib tashlangan limfa tugunida virusni topdi va uni LAV (Lymphadenopathy associated virus) deb atadi. 

6. 1984 yili Merilend universiteti qoshidagi Inson virusologiyasi instituti direktori doktor Robert Gallo OITSning asl sababini topganini e`lon qildi. 

U bemorlarning periferik qonidan virusni olishga muvaffaq bo`ldi. Olim HTLV-III (Human T-lymphotropic virus type III) deb nomlangan retrovirusni ajratib oldi. Topilgan ikki virus bir xil bo`lib chiqdi. 

7. 1985 yil: virus yuqishiningsabablari va testlar 

1985 yilda OIV qon, sperma va ona suti orqali yuqishi aniqlandi. O`sha yili birinchi OIV testi ishlab chiqildi, uning asosida AQSh hamda Yaponiya mamlakatlari donorlik qoni va uning preparatlarini OIV bo`yicha tekshira boshladi. 

8. AQSh Sog`liqni saqlash va aholiga xizmat ko`rsatish departamenti hamda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) Jorjiya shtatining Atlanta shahrida OITS bo`yicha birinchi xalqaro konferensiyani o`tkazdi.

9. 1986 yil: OIV atamasining paydo bo`lishi 

May oyida Xalqaro viruslar taksonomiyasi bo`yicha qo`mita yangi — "odam immunitet tanqisligi virusi" nomini qabul qildi, OIV (ingliz tilida: Human immunodeficiency virus, HIV).  Va u OITS qo`zg`atuvchi LAV hamda HTLV-III bir xil virusga tegishli ekanini tasdiqladi. 

10. 1987 yil: ilk preparat

Mart oyida AQShning oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy preparatlar sifati bo`yicha sanitar nazorat boshqarmasi (FDA) dunyodagi birinchi antiretrovirus preparati Zidovudin (AZT,  teskari transkriptazning nukleozid ingibitori)ni tasdiqladi. 

11. 1988 yil: yangi sana 

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti 1 dekabr sanasini – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni deb e`lon qildi. 

12. 1991 yil: yangi ramziy belgi

Professional rassomlar va art-menejerlardan iborat “Vizual AIDS” guruhi o`ziga xos shaklda buklangan qizil lentani yaratdi – bu butun dunyo bo`ylab shuhrat qozongan ramz bo`lib, OITSga qarshi kurash timsoli edi. 

13. 1990-yillar: birlashtirilgan sxemalar 

1990-yillar boshida yana uchta teskari transkriptazning nukleozid ingibitorlari tasdiqlandi. Shu bilan birga, mutaxassislar preparatlarni bittadan ishlatish tez qarshilikka olib kelishini aniqlashdi.  Shuning uchun birinchi proteaz ingibitori Sakvinavir 1995 yilda va Nelfinavir 1996 yilda tasdiqlandi. Shu paytdan boshlab, kombinasiyalangan samarali muolaja davri boshlandi. 

14. 2002 yil: Global jamg`armaning tashkil etilishi 

Yanvar oyida OITS, sil va bezgakka qarshi kurash global jamg`armasi o`z ishini boshladi va OIV tarqalishiga qarshi kurash uchun birinchi grantlarini taqdim etdi. YuNEYDS (Birlashgan Millatlar Tashkilotining OITS bo`yicha qo`shma dasturi) OITS dunyo bo`yicha o`lim sabablari orasida 4-o`rinda ekanligini e`lon qildi. 

15. 2000 yillar: Takomillashgan sxemalar 

Birinchi OIV dorilari tabletkalar soni va hajmi, shuningdek, kutilmagan nojo`ya ta`sirlari tufayli qabul qilishga noqulay edi. Bu qulay va yaxshi qabul qilinadigan sxemalarni ishlab chiqish bo`yichasa`y-harakatlar amalga oshirilishini taqozo etdi. 2001 yildaFDA birinchi teskari transkriptazning nukleotid ingibitori bo`lmish tenofovir disoproksil fumarat (TDF)ni tasdiqladi. 2006 yili efaviren /tenofovir/emtrisitabinning birinchi bir tabletkali sxemasi tasdiqlandi. 2007 yilda FDA integrazning birinchi ingibitori — Raltegravir tasdiqlandi.

16. 2008 yil: OIVni aniqlagan olimlarga Nobel mukofoti berildi

6 oktyabr kuni Stokgolmdagi Nobel qo`mitasi tibbiyot va fiziologiya bo`yicha 2008 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari nomini e`lon qildi: fransuz virusologlari Lyuk Montane va Fransuaza Barre-Sinussilar Odam immunitet tanqisligi virusini kashf etgani uchun taqdirlandi. 

17. 2009 yil: Berlinlik bemor

12-fevral kuni New England Journal of Medicine jurnalida OIV infeksiyasiga genetik qarshilikka ega bo`lgan donordan suyak iligi ildiz hujayralari ko`chirib o`tkazilishi tufayli OIV infeksiyasidan davolangan dunyodagi birinchi odam — "Berlinlik bemor" bo`yicha tadqiqot natijalari e`lon qilindi.

18. 2010-yillar: Ko`proq muolaja va PrEP imkoniyatlari 

Bu paytga kelib, antiretrovirus terapiya uchun dori preparatlari kasallikning rivojlanishini to`xtatibgina qolmay, OIV yuqishining ham oldini olishi mumkinligi haqida ko`proq ma`lumotlar paydo bo`ldi. Va 2012 yilda OIV ta`siridan oldingi profilaktika uchun birinchi preparat (PrEP) — tenofovir/emtrisitabin (Truvada) tasdiqlandi. Shuningdek, 2012 yilda CD4 hujayralari sonidan qat`i nazar, AQShda OIV tashxisi qo`yilgan har bir kishi uchun ART tavsiya etildi. 

19. 2020-yillar: innovasion yondashuvlar

2020 yilda birinchi OIV biriktiruvchi ingibitori — Fostemsavir tasdiqlandi.  2021 yilda kabotegravir + rilpivirin, shuningdek, OIV ta`siridan oldingi profilaktika uchun uzoq muddatli Kabotegravirning birinchi to`liq uzoq muddatli in`eksion davolash sxemasi tasdiqdandi. 2022 yil oxirida birinchi OIV kapsid ingibitori – Lenakapavir tasdiqlandi.  Bu ko`plab dori-darmonlarga chidamli OIV bilan kasallangan bemorlarga har 6 oyda bir marta (birlamchi terapiyaga qo`shimcha ravishda) qo`llanadigan in`eksiyadir. 

20. Vanihoyat ayni paytda...

Mutaxassislarning fikricha, OIV terapiyasining kelajagi uzoq muddatli ta`sir kuchiga ega bo`lgan dorilardir. Bunda gen injeneriyasi, xususan, CRISPR genomini tahrirlash texnologiyasi muhim rol o`ynaydi. Hozirgi kunda bir qancha innovasion dori vositalari, jumladan, OIVni davolash usullari, shuningdek, ushbu kasallikka qarshi vaksinalar tadqiq qilinmoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1