Biroz avval, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi 119-sonli maktabda ota-onalardan farzandlari xatti-harakatini nazorat qilish, aks holda jazolanishi haqida tilxat yozdirilayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi Matbuot xizmati rasmiy ma`lumot berdi.
Ma`lumotda aytilishicha, keyingi paytda bolalar ishtirokida sodir etilayotgan yo`l-transport hodisalarining soni oshib borayotganligi, jumladan, joriy yilning o`tgan to`qqiz oyi davomida bolalar ishtirokida sodir etilgan yo`l-transport hodisalari soni 167 tani tashkil etib, shundan 7 tasida bolalar vafot etgan.
Shuningdek, yo`l-transport hodisalarining aksariyati ta`lim muassasalariga qatnov vaqtida sodir etilayotganligi ayniqsa, boshlang`ich sinf o`quvchilari yo`lni kesib o`tayotgan vaqtida hamda haydovchilik guvohnomasiga ega bo`lmay turib avtomobil minish holatlarida, elektrosamokatlar bilan bog`liq yo`l-transport hodisasining jabrdiydalariga aylanib borayotganligi barchani birdek tashvishlantirmoqda.
Yuqoridagi ko`ngilsizliklarning oldini olish maqsadida Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi boshqarmasi Toshkent shahar IIBB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda ota-onalar zimmasidagi hushyorlik va mas`uliyatni yanada oshirishni ko`zlab ularga ta`lim muassasalari ma`muriyati tomonidan ogohlantirish xatlari taqdim etilgan, deyiladi xabarda.






