Dubaydagi “O`zbekiston” pavilyonida “Iqlim migrantlari, iqlim xavflari va moslashuv” mavzusida tadbir o`tkazildi. COP28 — xalqaro iqlim forumi doirasidagi tadbirda O`zbekiston tomonidan iqlim xavflariga moslashuv va ta`sirlarni yumshatish bo`yicha olib borilayotgan sa`y-harakatlar yuqori baholandi.
Tadbirda Evropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT)ning iqlim o`zgarishi bo`yicha katta maslahatchisi Esra Buttanri, Markaziy Osiyodagi GIZ mintaqaviy loyihalari koordinatori Torsten Brezina, Xalqaro migrasiya tashkilotining (XMT) Migrasiya, atrof-muhit va iqlim o`zgarishi bo`yicha mintaqaviy mutaxassisi Pablo Eskribano, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi bo`lim boshlig`i Sino Tohirzoda, Ozarbayjon Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vazirligining Iqlim o`zgarishi va xalqaro hamkorlik bo`limi katta maslahatchisi To`g`rul Feyziev va boshqalar ishtirok etdi.
“Iqlim o`zgarishining ta`siri butun dunyo bo`ylab bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Dunyo aholisining deyarli yarmi iqlim va iqlimiy bo`lmagan omillar tufayli yilning kamida ma`lum bir qismida aholining zaif qatlamlari jiddiy suv tanqisligini boshdan kechiradi, — dedi O`zbekison Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Ko`p hollarda ular o`z hududlarini tashlab ketishadi. So`nggi tadqiqotlarga ko`ra, iqlim migrantlari soni 2050-yilda 1,2 milliardga etishi mumkin. Atrof-muhit, rivojlanish va xavfsizlik o`rtasidagi bog`liqlik Markaziy Osiyo respublikalarining mintaqaviy landshaftiga ta`sir qiluvchi asosiy omil hisoblanadi”.
Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, so`nggi 50-60 yil ichida iqlim sharoitining o`zgarishi natijasida Markaziy Osiyoda muzliklar yuzasi 30 foizga qisqardi, bu daryolar va ularning ekotizimlariga bevosita ta`sir ko`rsatdi. Oxirgi bir necha o`n yillikda o`rtacha yillik harorat 1,5 darajaga ko`tarildi va asr oxiriga kelib 2 darajadan 5,7 darajagacha oshishi taxmin qilinmoqda.
Ekologiya vaziri O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning COP28 — Butunjahon iqlim sammitidagi ishtiroki va nutqi muhim ahamiyat kasb etishini, bu yurtimizda iqlim va atrof-muhitni asrash ustuvor vazifaga aylanganini ta`kidladi.
“O`zbekiston hukumati Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida iqlim bo`yicha kun tartibini ustuvor vazifa etib belgilab oldi, — dedi u. — “Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasida Respublika bo`ylab daraxtlar ekilmoqda. Orolbo`yida o`rmon barpo etish kampaniyasi boshlab yuborildi. Qolaversa, iqlim sharoitiga moslashish va ta`sirlarni yumshatish, qayta tiklanadigan energiya, aylanma iqtisodiyot va yashil o`sish tamoyillarini birlashtiruvchi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”.
Aziz Abduhakimov iqlim o`zgarishi kabi ekologik muammolarni bartaraf etish uchun birgalikda harakat qilish lozimligini qayd etdi.
Tadbirda o`tgan qishda Markaziy Osiyo, xususan, O`zbekiston oxirgi o`n yillikdagi eng sovuq qishni boshdan kechirgani, shu bilan birga dunyoning aksariyat mamlakatlarida g`ayritabiiy quruq va issiq harorat kuzatilgani ta`kidlandi. Shu bilan birga, iqlim xavf-xatarlari chegara bilmasligi, ularning oqibatlari bir vaqtning o`zida bir nechta mamlakat va mintaqalarga ta`sir qilishi aytilib, bu muammolar samarali echimlar topish masalasi muhokama qilindi.






