Slovakiyaning yangi bosh vaziri Robert Fiko Ukrainaga harbiy yordam berishdan voz kechdi, deb xabar bermoqda Delfi internet nashri.
Fiko birinchi marta ukrainalik hamkasbi Denis Shmigal bilan telefon orqali suhbatlashgan. Slovakiya bosh vazirining aniqlik kiritishicha, u Ukrainaga “davlat omborlari va armiyadan qurol va o`q-dorilar etkazib berishni istisno qilgan”.
Har ikki bosh vazir Facebook ijtimoiy tarmog`ida suhbat natijalari haqida postlar e`lon qildi.
Fikoning aytishicha, u Ukrainadagi mojaroning harbiy echimiga ishonmaydi, “chunki bu natijasiz keraksiz qon to`kilishiga olib keladi”.
Hukumat rahbari Slovakiya Ukraina qishloq xo`jaligi mahsulotlarini import qilishni taqiqlashda davom etishini qo`shimcha qilgan.
Shu bilan birga, Slovakiya Ukrainaga minalardan tozalashda yordam berishga, buning uchun maxsus jihozlar berishga, shuningdek, energetika sohasida hamkorlik qilishga va gumanitar yordam ko`rsatishga tayyor, degan Fiko.
Bosh vazir, shuningdek, Bratislava Ukraina va Moldovaning Evropa istiqbolini qo`llab-quvvatlashini, biroq G`arbiy Bolqon mamlakatlari bilan birga ekanini ta`kidladi.
Kiev Slovakiya kompaniyalarining Ukrainani qayta tiklashning turli sohalarida ishtirok etishiga ishonadi, dedi Shmigal.
“Men Slovakiyaga Ukrainaning Evropa nuqtai nazarini qo`llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdim. Bu oyda bo`lib o`tadigan Evropa Ittifoqi etakchilari sammitidan ijobiy qarorlar kutamiz”, - deya qo`shimcha qildi u.






