Kuni kecha, Farg`ona aeroportida rekonstruksiya ishlari munosabati bilan shaharga deyarli 2 oy davomida barcha reyslar bekor qilingani haqida xabar bergan edik.
Uzbekistan Airports`ga ko`ra, aeroport yopilmayapti va odatdagidek ishlamoqda. Boshqa hech bir aviakompaniya reyslar bo`yicha o`zgarishlar haqida xabar bermadi.
Uzbekistan Airports kompaniyasi Farg`ona aeroportida Transport vazirligi huzuridagi «O`zaeronavigasiya» DUK tomonidan zamonaviy uskunalar — uzoq masofali DME/NL2700 radiomayoq va SP-200 radionavigasiya uskunasi o`rnatilayotgani haqida xabar berdi.
«Ushbu ishlar aeroport faoliyatini to`xtatish va uni vaqtincha yopish uchun asos bo`lmaydi. Farg`ona xalqaro aeroporti odatiy rejimda ishlamoqda», — deyiladi xabarda.
Farg`onaga milliy aviatashuvchidan tashqari Turkish Airlines, «Aeroflot», «Azimut», Qanot Sharq, Centrum Air, Utair, Ural Airlines, S7, Silk Avia kabi aviakompaniyalar ham parvozlarni amalga oshirmoqda. Ushbu aviakompaniyalar reyslarni ko`chirish haqida hech qanday ma`lumot bermagan.