Bu yoqimsiz xastalikni qanday bartaraf etish borasida akusher-ginekolog Fazilat Toshbaeva ma`lumot beradi...
Nega aynan biz?
Sistit ko`proq ayollarda uchraydi. Buning sababi anatomik o`ziga xoslikda, ya`ni jinsiy a`zolarning peshob chiqarish kanaliga yaqin joylashganida. U erda o`rnashadigan kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar peshob pufagiga juda oson tusha oladi.
Alomatlari
• Qorinning pastki qismi yoki belning pastki qismida birdan og`riq turishi;
• Peshob chiqarish vaqtida sanchiq va achishish;
• Tez-tez va og`riqli peshob chiqarish;
• Peshob rangining xiraligi.
Infeksiya peshob pufagiga turli yo`llar bilan tushishi mumkin:
• Tos a`zolari (bachadon, qin)dan;
• Peshob chiqarish kanalidan;
• Buyraklardan.
Davolash
Sistitni davolash uzoq vaqt talab qiladi. Birinchidan, peshob tahlilidan so`ng mikroblarga qarshi terapiya tavsiya etiladi. Ikkinchidan, fizioterapiya muolajalarini olish lozim bo`ladi. Lazer juda samarali ta`sir ko`rsatadi. Chunki peshob pufagi shilliq qavatiga o`zini tiklashida yordam beradi. Uchinchidan, ko`pincha peshob pufagiga gialuron kislotasi kiritish yaxshi natija beradi. U peshob pufagi shilliq qavati qoplab, yallig`lanishning tarqalishiga to`sqinlik qiladi va himoyalaydi.
Oldini olish uchun 5 tavsiya
1. Sovuq joyda o`tirish mumkin emas. Ob-havoga mos kiyining.
2. Achchiq, marinadlangan, dudlangan, qovurilgan mahsulotlar va spirtli ichimliklarni suiiste`mol qilish yaramaydi.
3. Ko`proq suyuqlik iching. Peshob pufagi yaxshi “ishlashi” uchun kuniga 2 litr suv iching.
4. Uzoq vaqt o`tirmang. Agar o`tirib ishlashga majbur bo`lsangiz, har 30 daqiqada o`rningizdan turib, biroz mashq qiling.
5. Peshobni uzoq muddat majburan tutib turish mumkin emas. Shuningdek, sistitning oldini olish uchun ich qotishiga ham yo`l qo`ymang.
Muhim!
Sistitni albatta shifokor bilan birga davolash kerak. To`liq davolanilmagan sistit buyraklar xastaliklariga sabab bo`ladi.
Peshob pufagini mustahkamlash uchun mashqlar
1. Polga o`tirib, tizzalarni buking va ularni qo`llaringiz bilan ushlab, gavdangizni orqaga-oldingi tarzida bir yotib, bir turib mashq qiling.
2. Tizzalab o`tiring. Qo`llaringizni boshingizning orqa qismiga qo`yib, avval oyoqlaringizga nisbatan o`ng tomonga, keyin chap tomonga galma-galdan o`tiring. Elkangizni to`g`ri tutishga harakat qiling.
3. Yonboshlab yoting. Qo`llaringiz tanangizning ikki chetida tursin. Endi tizzalaringizni bukib, ko`krak tomonga ko`taring. So`ng yana to`g`ri yotib, yana mashqni takrorlang.
4. Chalqanchasiga yotgancha qo`llaringizni to`g`ri qo`ying. Endi tanangizning tos sohasini ko`taring va shu holda biroz turing. So`ng uchgacha sanab, sekin avvalgi holatingizga qayting.
Giyohlar yordamida davolaymiz!
• 1 osh qoshiqdan qayin, archagul, makkajo`xori popugini aralashtiring. Bu aralashmadan 1 osh qoshiq olib, 2 stakan qaynoq suv quying va qopqog`ini yopib, 2 soat dam bering. So`ng suzgichdan o`tkazib, kuniga 4 marta ovqatlanishdan oldin ¼ stakandan iching.
• 2 osh qoshiq kalendula, 1 osh qoshiqdan moychechak va qizilpoycha (zveroboy)ni aralashtiring. Aralashmadan 2 osh qoshiq olib, 2 stakan qaynoq suv quyib, qaynash darajasiga etkazing. Keyin olovdan olib, iliq holga kelguncha qoldiring. Kuniga 4-5 marta ½ stakandan iste`mol qiling.