Kontrafakt - dunyoning ko`plab mamlakatlarida uchraydigan global muammolardan biridir.
Kontrafakt mahsulotlar odamlarning hayoti va sog`lig`iga zarar etkazishi mumkin. Ushbu turdagi mahsulotlar milliy standartlar bilan tasdiqlangan texnik reglamentlarning muayyan talablariga rioya qilmasdan, noqonuniy ravishda ishlab chiqariladi.
Yangi yil arafasida mamlakatimiz bozorida kontrafakt alkogol va tamaki mahsulotlari bozorida sezilarli o`sish tendensiyasi kuzatilmoqda, bu esa o`z navbatida aholining iqtisodiy farovonligi va salomatligi uchun xavf tug`dirmoqda.
2021 yil 1 yanvardan O`zbekiston Respublikasida alkogol va tamaki mahsulotlarini majburiy raqamli markirovkalash joriy etildi. Markirovka kontrabanda va kontrafakt mahsulotlar bilan kurashish imkonini beradi.
Shu kunlarda Soliq qo`mitasi tomonidan fuqarolarning murojaatiga ko`ra, maxsus tekshiruvlar o`tkazilib, soliq organlari tomonidan alkogol ichimliklari va tamaki mahsulotlari muomalasi qoidalarini ommaviy buzish holatlari aniqlandi.
Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan joriy yilning oktyabr oyidan dekabr oyiga qadar o`tkazilgan tekshiruvlar davomida raqamli markirovka kodlari bo`lmagan alkogol va tamaki mahsulotlari olib qo`yilgan. Raqamli markirovkaning yo`qligi salbiy oqibatlar va o`ta og`ir oqibatlarga olib keladi.
Markirovkaga rioya qilmaslikning salbiy ta`sirlari
• Maxsus markirovka kodiga ega bo`lmagan kontrafakt mahsulotlar aholini soxta, qalbaki mahsulotlar bilan ta`minlanishi xavfini oshiradi, ulardan foydalanish iste`molchilar salomatligi uchun katta xavf tug`diradi.
• Kontrafakt mahsulotlarning ko`pligi ular majburiy soliq va yig`imlarni to`lamaslik oqibatida davlat byudjetiga jiddiy zarar etkazishiga olib keladi.
• “Yashirin” tadbirkorlar tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarini majburiy soliq va yig`imlar to`lamay sotishi vijdonli tadbirkorlarni raqobatga chidamsiz ahvolga solib qo`ymoqda.
Raqamli markirovka - har bir mahsulot birligiga noyob nazorat va identifikasiya belgisini qo`llash. Markirovka kodi ikki o`lchovli Data Matrix shtrix-kodidir (QR kodi bilan adashtirmaslik kerak). Ushbu usulning asosiy afzalligi shifrlangan ma`lumotlarning katta miqdori va mahsulotning qonuniyligi haqida kerakli ma`lumotlarni tan olishdir. Markirovka yordamida davlat va biznes har bir mahsulot birligining zavoddan iste`molchigacha bo`lgan individual harakat zanjirini kuzatishi mumkin.
Markirovka bozorni kontrafakt va kontrabanda mahsulotlardan tozalash uchun zarur. Ushbu maqsadlar uchun mamlakatimizda “Asl Belgisi” raqamli markirovka tizimi faoliyat ko`rsatmoqda.
Likyor-aroq mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik mahalliy ishlab chiqaruvchilardan biri – “Afsar Company LTD” tashkiloti majburiy markirovka joriy etilganidan buyon o`z mahsulotlariga markirovka kodlarini qo`llaydi. Ishlab chiqaruvchi ushbu tizim yordamida har bir mahsulot birligi uchun kuzatuv ma`lumotlarini olish va halol nomni himoya qilish mumkin deb hisoblaydi.
«Biz oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi siyosatga amal qilamiz va bu borada o`z oldimizga ustuvor maqsadlarni qo`yganmiz. Shuningdek, raqamli markirovka kodlariga ham e`tibor beramiz. Har bir mahsulot birligi uning qonuniyligini tasdiqlovchi va barcha kerakli ma`lumotlarni o`z ichiga olgan noyob raqamli markirovka kodi bilan belgilanadi. Raqamli markirovka bizning ishlab chiqarishimizga katta resurs bazasini va ishlab chiqarish va saqlashning avtomatlashtirilgan hisobini beradi, bu bizga kelajak rejalarini tuzishda yordam beradi. Shunday qilib, Data Matrix kodi tufayli biz mahsulotlarimizni kuzatish imkoniyatidan to`liq foydalanish imkoniyatiga ega bo`lamiz”, - deya sharhlaydi “Afsar Company LTD” MChJ direktori Mirzaev Mirxasil».
Shunday qilib, alkogol mahsulotlarini sotib olayotganda, siz bunday kodning mavjudligiga e`tibor berishingiz kerak. “Asl Belgisi” mobil ilovasi yordamida skanerlashda siz xarid qilingan mahsulotlar haqida kerakli ma`lumotlarni bir tugmani bosish orqali bilib olishingiz mumkin. Markirovka kodidan foydalanib, siz ishlab chiqarilgan sana va joyni, shuningdek mahsulot tarkibini bilib olishingiz mumkin.
Soliq kodeksining 227-moddasi 1-qismiga ko`ra, mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash bo`yicha qonun hujjatlarida belgilangan talab va qoidalarni buzish sotuv amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo`ladi.






