AsosiyJamiyat

O`zbekiston bo`ylab 14 ta “Kichik biznesga ko`maklashish hududiy markazlari” tashkil etildi

'O`zbekiston bo`ylab 14 ta “Kichik biznesga ko`maklashish hududiy markazlari” tashkil etildi'ning rasmi

Bugun, 15 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida "Biznesni rivojlantirish banki" ATB faoliyatining ustuvor yo`nalishlariga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 18 avgustdagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida kichik biznesni yanada qo`llab-quvvatlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Mazkur muloqotda qayd etilgan vazifalarni o`zida jamlagan va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga oid yaqin va uzoq istiqboldagi maqsadlarni aks ettiruvchi muhim hujjatlar qabul qilindi. Binobarin, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institusional qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori biznes sohasi rivoji uchun yangi imkoniyatlarni yaratdi.

Qarorga asosan kichik biznesni qo`llab-quvvatlash bo`yicha “uzluksiz xizmatlar zanjiri”ni yaratish maqsadida “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks dasturi”ni amalga oshirish belgilandi.

Dasturni 2023-2026 yillarda amalga oshirish uchun davlat mablag`lari hisobidan 6 trln. so`m va xalqaro moliya institutlarining 1,2 mlrd. AQSh dollari miqdoridagi mablag`lari yo`naltirilishi ko`zda tutilmoqda.

“Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik tijorat banki Dasturni amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo`yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.

Matbuot anjumanida bank tomonidan Dastur ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan va kelgusida ko`zda tutilayotgan chora-tadbirlar, Dastur ishtirokchilarini tanlab olish tartibi va moliyaviy va konsultativ qo`llab-quvvatlash dastaklari haqida axborot berildi.

Xususan, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB ta`sischiligida “Kichik biznesni rivojlantirish jamg`armasi” va Jamg`arma tarkibida hududlarda 14 ta “Kichik biznesga ko`maklashish hududiy markazlari” tashkil etilgani qayd etildi.

Ushbu markazlar orqali kichik biznes loyihalarini tanlash, tashabbuskorlarni o`qitish, moliyalashtirish, axborot bilan ta`minlash, biznes rejalar va texnik iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish, bozor topish bilan bog`liq kompleks xizmatlar ko`rsatiladi.

Moliyaviy qo`llab-quvvatlash yo`nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo`lga qo`yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag`lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha muddatga yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 1,5 milliard so`mgacha kreditlar ajratiladi.

Shu bilan birga, asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing berish vazifalari belgilangan bo`lib, bunda, 100 million so`mgacha kreditlarni garovsiz, 150 million so`mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish amaliyoti tatbiq etiladi.

Shuningdek, konsultativ qo`llab-quvvatlash yo`nalishida lisenziya, ruxsatnoma va sertifikatlar olish masalalari, bojxona va soliq ma`muriyatchiligi, eksport va import operasiyalari, shartnomalarni rasmiylashtirish, davlat xaridlarida ishtirok etish, shuningdek, er uchastkalari va bino-inshootlarni sotib olish yoki ijaraga olish va loyihalashtirish vazifalari amalga oshiriladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-noyabrdagi “Aholini kichik va o`rta biznesga keng jalb qilishning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qaroriga muvofiq, 2024-2026 yillarda bank bo`yicha:

  • kichik tadbirkorlik sub`ektlariga ajratiladigan kreditlar qoldig`ini 1,7 baravarga oshirish orqali kredit portfelidagi ulushini 28 foizdan 43 foizga etkazish;
  • 150 mingta kichik tadbirkorlik sub`ekti faoliyatini yo`lga qo`yish va kengaytirish;
  • kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jami 800 million AQSh dollarigacha miqdorda resurslar jalb qilish;
  • 300 million AQSh dollari miqdorida obligasiya (evrobond)larni xalqaro kapital bozorlarida muomalaga chiqarish vazifalari belgilangan.


 

    Boshqa yangiliklar