Avvalroq, Samarqandda yosh bola otasi tomonidan kaltaklangani, oqibatda ko`zi jarohatlangani haqida xabar bergandik.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda bolakay uni otasi urganini aytgandi. Viloyat IIBning xabar berishicha, bolakayni otasi urmagan.
Mazkur holat bo`yicha Bolalar ombudsmani qo`shimcha ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, Urgut tumani “Yuqori Qalangar” MFYdagi 2017 yilda tug`ilgan bola yuz-ko`zidagi jarohati tufayli joriy yil 30-oktyabr kuni Urgut tuman markaziy shifoxonasiga otasi tomonidan olib kelingan va ushbu holat yuzasidan Urgut tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
So`ngra ushbu holat yuzasidan 3 noyabr kuni sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Unga ko`ra, bolaga o`tmas qattiq jismlar bilan jarohat etkazilgan. Ammo tergovga qadar tekshiruv natijasida jinoyat alomatlari aniqlanmaganligi sababli JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo`zg`atilishi rad etilgan.
Faqatgina 12 dekabrga kelib, ushbu qaror Bolalar ombudsmani va Bosh prokuratura nazoratiga olinganidan so`ng bekor qilindi va qo`shimcha tekshiruv harakatlari olib borish uchun tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limiga yuborildi.
Qo`shimcha tergovga qadar tekshiruv davomida psixolog bola bilan suhbat o`tkazdi va holat aniqlashtirildi.
Ombudsmanning bildirishicha, bola 29 oktyabr kuni otasining uyi yaqinidagi savdo do`koni oldida yugurib, asfalt qoplamasiga yiqilgan, burni qonab, yuzi shilingan.
Voqeaga guvoh bo`lgan do`kon sotuvchisi bolaning haqiqatdan ham chorva mollarining orqasidan chopishi oqibatida yuzi bilan erga yiqilganini tasdiqlagan.
Shuningdek, Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan nazoratni davom ettirishini bildirgan.






