AsosiyJamiyat

Joriy yilning 11 oyida 2 mlrd dollarlik turizm xizmati eksporti amalga oshirildi - Turizm qo`mitasi

'Joriy yilning 11 oyida 2 mlrd dollarlik turizm xizmati eksporti amalga oshirildi - Turizm qo`mitasi'ning rasmi

Milliy matbuot markazida O`zbekiston iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri – turizm sohasida ortda qolgan davrda amalaga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda o`z muxbirimiz xabar bermoqda. 

Tadbirda Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo`mitasi mas`ullari, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tahlillarga ko`ra, pandemiyadan so`ng, O`zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlarning yillik o`rtacha o`sishi 20 foizdan ortmoqda.

2023 yilning yanvar-noyabr oylarida mamlakatga 6 mln 134 ming nafar xorij fuqarolari tashrif buyurdi. Yil yakuniga qadar, bu ko`rsatkich 7 mln nafarga etishi prognoz qilinmoqda. Mavjud raqamlarni 2022 yilning 11 oyidagi natijalar bilan solishtirganda, shu yilda ayrim davlatlardan bir necha karraga turistlar soni ko`payganini ko`rish mumkin.

Joriy yilning 11 oyida 2,0 mlrd AQSh dollarlik turizm xizmati eksporti amalga oshirildi. Bir nafar turistning mamlakatda bo`lish davomida o`rtacha xarajati 326 dollarni tashkil qilmoqda (2021 yilda 224 dollarni tashkil qilgan).

Bu ko`rsatkich davlatlar kesimida qaralganda bir nafar Uzoq sharq va Evropa davlatlaridan kelgan sayyoh 1 ming 66 dollar (2021 yilda 709 dollar), MDH davlatlari esa 743 dollar (2021 yilda 635 dollar) qo`shni davlatlardan tashrif buyurganlar 154 dollardan 257 dollargacha mamlakatda mablag` qoldirmoqda.

2023 yilda “O`zbekiston bo`ylab sayohat qil!” dasturi doirasida mamlakat bo`ylab 20 mln nafar mahalliy sayyohlar tashrifi prognoz qilingan edi. Bu ko`rsatkich, 11 oy davomida 20,6 mln.ga etdi.
Shu yilda, bevosita Qo`mita ko`magida hududlarda 1000 nafardan ortiq imkoniyati cheklangan bo`lgan shaxslar va 570 ming yoshlar sayohatlari tashkil etildi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar tillarida yuritiluvchi 7 tilda “Tabarruk ziyorat” platformasi ishga tushirildi va dastlabki bosqichda mamlakatdagi 100 ta ziyorat ob`ekti platformaga kiritildi.

2023 yilning dastlabki 11 oyida hududlarda 183 ta yangi mehmonxona (o`rinlar soni 11 342 ta) va 207 ta xostel (o`rinlar soni 7 237 ta)yangidan ishga tushdi. Jami joylashtirish vositalari soni 5 365 ta, ulardagi o`rinlar soni 142 038 taga etkazildi.

Xonadonlarda 333 ta oilaviy mehmon uyi (o`rinlar soni 3 092 ta) tashkil qilinib, ularning umumiy soni 3 305 ta (o`rinlar soni 29 300 ta)ga etdi.

Turistlar uchun xizmat ko`rsatuvchi 810 ta yangi turistik tashkilotlar va turagentlar faoliyati yo`lga qo`yilishi natijasida ularning soni 2 649 taga etkazildi.

2023 yilning 1 noyabr holatiga umumiy qiymati 8,1 trln. so`mlik 448 ta investisiya loyihalari amalga oshirildi (8 191 ta yangi ish o`rinlari yaratilgan). Yil yakuniga qadar 1,4 trln. so`mlik 60 ta loyiha ishga tushadi.

Yil boshidan turizm va unga yondosh sohalarda 70 mingta yangi ish o`rinlari yaratildi.

O`zbekiston turizm salohiyatini Evropa, Shimoliy Amerika, Osiyo-Tinch okeani, Yaqin Sharq, Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqalarida keng targ`ib qilish maqsadida “BBC WORLD NEWS” (umumiy auditoriyasi 600 mln.), “SNN” (umumiy auditoriyasi 1 mlrd.) va “EURONEWS” (umumiy auditoriyasi 800 mln.) xalqaro mediakorporasiyalari, shuningdek, “Ctrip.com” onlayn sayohat platformasi (umumiy auditoriyasi 500 mln.) va “Visa Fasilitation Servises Global” (umumiy auditoriyasi 100 mln.) tashkilotlari bilan shartnomalar asosida xalqaro miqyosda mamlakatimiz imidji ilgari surildi.

Joriy yilda dunyoning etakchi mamlakatlarida bo`lib o`tgan 14 ta xalqaro turizm yarmarkalarida O`zbekistonning turistik salohiyati namoyish etildi.

Yil boshidan bugungi kunga qadar 30 ga yaqin O`zbekistonga xalqaro darajadagi info va press turlar tashkil qilindi.
Oxirgi 3 yilda turizm sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan oliy ta`lim muassasalari soni 16 tadan 30 taga, ularda ta`lim oluvchi talabalar soni esa mos ravishda 4 100 nafardan 11 500 nafargacha oshgan. 2020 yilda oliy ta`lim muassasalarida turizm sohasida ta`lim beruvchi pedagoglarning ilmiy salohiyati 24,2 foizni tashkil etgan bo`lsa, 2023 yilda ushbu ko`rsatkich 37,6 foizga etdi.

Xalqaro tajribadan kelib chiqib, joriy yilda Turizm Qo`mitasi huzuridagi jami 10 ta professional ta`lim muassasalarida o`quvchilarga amaliy darslarni o`rgatish maqsadida laboratoriya xonalari tashkil etildi. Ushbu maqsadlar uchun jami 3 mlrd so`mdan ortiq mablag`lar yo`naltirildi.

    Boshqa yangiliklar