Surxondaryo viloyati, Angor tumanida yashovchi 26 yoshli (ayol) F.N. ariza bilan murojaat qilib, Telegram messenjerida “Ravshan” nomli profil egasi, F.N.ning turli foto-suratlari va behayo tasvirlarini internet ijtimoiy tarmog`i orqali tarqatib yuborish bilan qo`rqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilayotganligini ma`lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Buxoro viloyati Vobkent tumanida yashovchi 22 yoshli V.E. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan V.E., jabrlanuvchi (ayol) F.N. bilan Telegram messenjeri orqali o`zini “Ravshan” deb tanishtirib, uni yaxshi ko`rib qolganligini, kelgusida unga uylanish maqsadi borligini aytib, uni ishonchiga kirish orqali uning turli fotosuratlari va behayo videotasvirlarini qo`lga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qo`rqitgan va tarqatmaslik evaziga 3.000.000 so`m pul talab qilib, mazkur pullarni olayotgan vaqtida Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, V.E.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.






