Joriy yilning 14-15 dekabr kunlari Soliq qo`mitasi Raisi Sherzod Kudbiev boshchiligidagi O`zbekiston soliq organlari delegasiyasi ishchi tashrif bilan Rossiya Federasiyasida bo`ldi.
Tashrif davomida Sh.Kudbiev va Rossiya Federal soliq xizmati rahbari Daniil Egorov soliq sohasida kelgusidagi hamkorlikni muhokama qildi.
O`tgan 4 yil davomida (2019-2022-yy) O`zbekistonda soliq ma`muriyatchiligini rivojlantirish bo`yicha qo`shma texnik ko`mak loyihasi doirasida ko`plab amaliy choralar ko`rildi.
Shu vaqt ichida nazorat-kassa texnikalaridan foydalanish, QQS ma`muriyatchiligi va EHFni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish va nazorat qilish bo`yicha ishlar bajarildi. Bundan tashqari, Soliq qo`mitasining ma`lumotlarni qayta ishlash markazlarini hisoblash IT infratuzilmasi bilan jihozlash yakunlandi.
O`zbekiston delegasiyasi Rossiya Federal soliq xizmatining raqamli texnologiyalari imkoniyatlari bilan tanishdi, shuningdek, “Rossiya” xalqaro ko`rgazma-forumiga tashrif buyurdi.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha tomonlar yaqin 2 yil ichida Soliq qo`mitasi va Rossiya Federal soliq xizmati xodimlarini o`qitish va tajriba almashish yuzasidan qator tadbirlar o`tkazish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni kelishib oldi.






