O`zbekistonda joriy yilning o`tgan 11 oyi davomida avtobuslar bilan bog`liq 94 ta yo`l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Anvar Jo`raev ishtirokida o`tkazilgan yig`ilishda ma`lum qilindi.
Yig`ilishda joriy yilning o`tgan 11 oyi davomida avtobuslar bilan sodir bo`lgan 94 ta yo`l-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari o`rganilgan. Shuningdek, ulardan avtobus haydovchilarining aybi bilan sodir etilgan 34 ta yo`l-transport hodisalarining tahlili hamda yo`l harakati qoidalari buzilishi oqibatida haydovchilarga kelgan jarima qarorlari (videolari) aks etgan lavhalar namoyish etilgan.
Bundan tashqari fuqarolar va yo`lovchilardan kelib tushayotgan tanqidiy murojaatlar ham o`rganilib, haydovchi va chiptachilarning yo`nalishda yo`lovchilar bilan xushmuomala bo`lishi, yo`lovchi tashish qoidalariga qat`iy amal qilish, harakat davomida telefondan foydalanmaslik yuzasidan alohida ko`rsatmalar berib o`tilgan.
“Yig`ilish so`ngida yo`lovchi tashishda namunali xizmat ko`rsatib, yo`lovchilarning minnatdorchiligiga va ijobiy fikrlariga sazovor bo`lgan, avtobuslarda joylashtirilgan maxsus QR-kodlar orqali haydovchining faoliyatiga ijobiy baho berilgan, ya`ni 5 ta yulduzcha orqali baholangan 11 nafar avtobus haydovchisi boshqaruv raisi tomonidan faxriy yorliq hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi”, deyiladi xabarda.






