AsosiyJamiyat

Qoraqalpog`istondagi Sudoche ko`llar tizimi rasman xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suv-botqoq erlari nominasiyasiga kiritildi

'Qoraqalpog`istondagi Sudoche ko`llar tizimi rasman xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suv-botqoq erlari nominasiyasiga kiritildi'ning rasmi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi Sudoche ko`llar tizimini Ramsar ro`yxatiga xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suv-botqoq erlari nominasiyasiga kiritish bo`yicha rasmiy hujjatlarni tayyorlash va taqdim etish bo`yicha barcha ishlarni yakunladi. Ob`ekt ro`yxatga 2522-raqam ostida kiritildi.

Ma`lumot uchun, O`zbekiston avvalroq Qoraqalpog`iston Respublikasida joylashgan Sudoche ko`llar tizimini xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suv-botqoq hududi deb e`lon qilgandi. Bugungi kunda chegaralari aniqlangan ko`llar Ramsar konvensiyasining 2.1-moddasiga muvofiq rasmiy ravishda Xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suv-botqoq erlar ro`yxatiga kiritilgan.

Ayni paytda respublikadagi xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan suv-botqoq erlarning umumiy soni to`rttaga etdi va bu hududlarning maydoni bugungi kunda 674,4 ming gektarni tashkil etadi.

Ta`kidlash joizki, Konvensiya Kotibiyati xabarida ro`yxatga yangi ob`ektning kiritilishi O`zbekistonning dunyodagi eng muhim suv-botqoq erlarini saqlash va ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan Ramsar konvensiyasini amalga oshirishga sodiqligini ko`rsatishi alohida ta`kidlangan.

Hujjatdan maqsad global bioxilma-xillikni saqlash va inson hayotining barqaror rivojlanishi uchun muhim bo`lgan suv-botqoq erlarning xalqaro tarmog`ini rivojlantirish va qo`llab-quvvatlashdan iborat.

Ma`lumot uchun, Sudoche 1960 yillarda dunyodagi to`rtinchi yirik ko`l hisoblangan Orol dengizining kichik qismi bo`lib, joriy yilning may oyida ko`llar tizimi O`zbekistondagi xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan Ramsar suv-botqoq erlari ro`yxatiga kiritilgan 4-ob`ektga aylandi. Ro`yxatga, shuningdek, yurtimizning Dengizko`l ko`li (2001), Arnasoy ko`llar tizimi (2008), To`dako`l va Quyimozor suv omborlari (2020) kirgan.

    Boshqa yangiliklar