Tibbiyot sohasidagi faoliyati davomida pullarni noqonuniy o`zlashtirish bilan ayblanib, sudlangan bloger Otabek Ahliddinovning qamoq muddati Jinoyat ishlari bo`yicha Andijon viloyati sudi hukmi bilan 7,1 yilga uzaytirildi. Bu haqda “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma`lum qildi.
Unga ko`ra, Otabek Ahliddinov Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi markaziy poliklinikaning bo`lim rahbari lavozimida ishlagan. U 200 million so`mdan ortiq pulni o`zlashtirishda ayblangan va shu yilning sentyabrida qamoqqa olingan.
Dastlab u jinoyat ishlari bo`yicha Xonobod tumani sudi hukmi bilan 5,1 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. So`ng prokuraturaning protesti asosida appelyasiya sudi ishni qayta ko`rib, muddatni 7,1 yilga uzaytirdi.
U O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (O`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-taroj qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan. Shuningdek, jamiyatga yuborilgan sud ajrimi nusxasida ayblanuvchiga 165-modda bilan ham javobgarlik belgilangan.






