Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan bir qator qonunchilik hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi.
Jumladan, Saylov kodeksiga kiritilgan o`zgartish va qo`shimchalarga ko`ra:
- Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o`tkazish uchun 75 ta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi;
- Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko`rsatilgan nomzodlar ro`yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov o`tkazish uchun O`zbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi;
- Partiya ro`yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro`yxatga olinganidan keyin, ushbu ro`yxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi;
- Partiya ro`yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a`zolari yoki partiyasiz bo`lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a`zolari ushbu ro`yxatga kiritilishi mumkin emas;
- deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi;
- ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo`yicha, shuningdek partiya ro`yxati asosida siyosiy partiyadan ko`rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro`yxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo`lishi lozim.
Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining 7 va undan ko`proq foizini faqat bitta siyosiy partiya to`plagan bo`lsa, unda deputatlik o`rinlari saylovda saylovchilarning eng ko`p ovozini to`plagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi.
Shuningdek, “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida”gi Qonunga kiritilgan o`zgartirishlarga ko`ra, Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar deputati fraksiya tuzish huquqiga ega (ilgari kamida 9 nafar edi).






