Biroz avval, ijtimoiy tarmoqlarda 2009 yilda tug`ilgan, 7-sinf o`quvchisi bo`lgan qiz unashtirilayotgani haqida videoxabar tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, holat Qashqadaryo viloyatining Ko`kdala tumanida bo`lib, mas`ullar tomonidan joyiga borib o`rganish o`tkazilgan. Aniqlanishicha, qizchaning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug`ilgan kuni munosabati bilan o`tkazilgan marosim ekanligi to`g`risida tushuntirish berishgan.
Mas`ullar qizning ota-onasini majburlab turmushga berish uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekanligi to`g`risida ogohlantirishgan. Shuningdek, qizning ota-onasi o`z tushuntirishida videodagi holat to`y yoki unashtiruv marosimi emasligi va qizini erta turmushga berish niyati yo`qligi, unga ta`lim berish va shifokor bo`lib etishishi niyatida ekanliklarini ma`lum qilishgan.
Shu bilan birga, respublikaning bu hududida qizlarni unashtiruv marosimini erta o`tkazish urf-odatlari qisman bo`lsada,saqlanib kelayotganini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani o`z nazoratini davom ettiradi.
“Bolalar ombudsmani qizlarni erta turmushga berish holatlariga mutlaqo murosasiz bo`lib, shunday fikrda bo`lgan ota-onalarni nikoh yoshi to`g`risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish uchun qonunan javobgarlik belgilanganligi haqida ogohlantiradi”, — deyiladi xabarda.






