AsosiyJamiyat

Samarqandda bank xodimi 631 million so`mni onlayn qimorda yutqazib qo`ydi

'Samarqandda bank xodimi 631 million so`mni onlayn qimorda yutqazib qo`ydi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida davlat mulkini talon-toroj qilish va korrupsiya bilan bog`liq holatlarning oldini olish, bu illatlarga qarshi kurashish yo`nalishida bir qator tezkor tadbirlar o`tkazildi.

Mazkur tadbirlar chog`ida bir guruh davlat xizmatchilari ana shunday qabih ishga qo`l urgani aniqlandi. Xususan, 1987 yilda tug`ilgan, “Samarqand suv ta`minoti” MChJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z. ko`p miqdordagi pul mablag`larini o`zlashtirish yo`li bilan talon-taroj qilgan. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

“Hududgaz Samarqand” gaz ta`minoti filiali metrologiya xizmati boshlig`i, 1966 yilda tug`ilgan R.J. esa o`z mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining norasmiy rahbari O.A. tomonidan o`g`irlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, etkazib berilgan va iste`mol qilingan tabiiy gaz hisob-kitobini muntazam o`zgartirib kelgan. Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy o`g`irlik holatlari mavjudligini bilsa-da masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi ta`sir ko`rsatgan. Ayni paytda R.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Mazkur holatga 1982 yilda Narpay tumanida tug`ilgan, “Hududgaz Samarqand” gaz ta`minoti filiali “Narpaytumangaz” gaz ta`minoti bo`limi boshlig`i lavozimida ishlagan Z.A. ham ko`maklashib, “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining noqonuniy faoliyatini qo`llab-quvvatlagan va amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida ularni oldindan xabardor qilib kelgan. Hozirda, Z.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo`zg`atilib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.  

Yana bir holatda 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug`ilgan, aksiyadorlik tijorat “Xalq banki” Samarqand filialida chakana bo`lim boshlig`i lavozimida ishlagan Sh.Yu. o`z mansab vakolatidan foydalangan holda o`zining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 million so`m kirim qilib, ushbu mablag`ning barchasini “1 XVET” qimor o`yiniga tikib, yutqazib qo`ygan. Ushbu holat yuzasidan Sh.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  

Samarqand viloyati “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi” direktori, 1980 yilda Samarqand shahrida tug`ilgan S.G. hamda markaz bosh hisobchisi, 1968 yilda Urgut tumanida tug`ilgan fuqaro A.J. o`zaro jinoiy til biriktirgan holda, markaz mablag`larini talon-taroj qilib kelganligi aniqlandi. Markazning 2016-2023 yillardagi faoliyati o`rganilganda bu mansabdor shaxslar 1,3 milliard so`m mablag`ni o`zlashtirib yuborganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan ham jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar