Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “2024 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to`g`risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ko`rib chiqildi.
Muhokamalar jarayonida 2024 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o`sish suratlari 5,6-5,8 foiz miqdorida bo`lishi kutilayotganligi qayd etildi.
Qonunda 2024 yilda konsolidasiyalashgan budjet daromadlari 375,0 trln so`m miqdorida, xarajatlari esa 427,6 trln so`m miqdorida rejalashtirilgan holda konsolidasiyalashgan byudjet 52,6 trln so`m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 4 foiz miqdoridagi taqchillik bilan shakllantirildi.
Ta`kidlanganidek, Davlat budjeti daromadlari 270,4 trln so`mni, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg`armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 312,9 trln so`mni tashkil etdi.
Bunda soliq siyosatining asosiy yo`nalishlari belgilab berilgan bo`lib, unga ko`ra asosiy soliq stavkalari o`zgarishsiz qoldirilgan.
Davlat maqsadli jamg`armalari daromadlari va xarajatlari (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) tegishincha 55,2 trln so`m va 85,8 trln so`m miqdorida rejalashtirilmoqda.
Keyingi yilda ham budjet xarajatlarining ijtimoiy yo`naltirilganligi saqlab qolinib, ta`lim, sog`liqni saqlash, ijtimoiy himoya, fan, madaniyat va sportni rivojlantirish, muhtoj aholini uy-joy bilan ta`minlash va boshqa ijtimoiy tadbirlar uchun jami Davlat budjeti xarajatlarining qariyb 50 foizi yoki 151,5 trln so`m yo`naltiriladi.
Qonunda asosan “O`zbekiston – 2030” strategiyasi va barqaror rivojlanish milliy maqsadlarida nazarda tutilgan ustuvor yo`nalishlar va vazifalarga erishish inobatga olingan.
Muhokamalar jarayonida senatorlar budjet daromadlarini oshirishga alohida e`tibor qaratdi. Yashirin iqtisodiy faoliyatni qisqartirish, budjet mablag`laridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablag`lar natijadorligini ta`minlash yuzasidan o`z fikrlarini bildirdilar.
Qayd etilganidek, mahalliy va importga belgilangan aksiz solig`i stavkalarini tenglashtirish maqsadida alkogol va tamaki mahsulotlari importi uchun stavka 5 foizga pasaytirilib, er qa`ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga mo`ljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun 2 baravarga pasaytirilmoqda.
Shuningdek, senatorlar Qonunda budjet daromadlar bazasini kengaytirish, soliq siyosatini belgilashda cog`lom turmush tarzini yaxshilash va tabiatni asrashni rag`batlantirishga e`tibor qaratilganligiga alohida to`xtaldilar.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






