O`zbekistonda kuchli zilzilalardan barvaqt xabardor qilish milliy tizimi ishga tushirildi.
Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi boshlig`i Qahramon Qo`chqorov ma`lum qildi. Qayd etilishicha, kuchli zilzilalarni qayd etuvchi akselerometrlar Respublika bo`yicha Farg`ona, Namangan, Andijon, Jizzax, Samarqand, Boysun, Nurota, Gazli, Pachkamar stansiyalariga jami 9 ta akselerometrlar o`rnatildi.
Seysmik stansiyalarda akselerometrlar MSK-64 shkalasi bo`yicha 5 va undan yuqori balli zilzila kuchi qayd etilganda: Seysmik ma`lumotlar seysmik stansiyalardagi maxsus dasturlar orqali avtomatik tarzda tahlil qilinadi hamda zilzilaning Toshkent shaxriga etib kelish vaqti maxsus xabar keladi.
Hozirda Shveysariyaning Seysmologik xizmati (SED) hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi o`rtasida O`zbekistonda erta ogohlantirish tizimini ishga tushirish bo`yicha kelishuvga erishildi. "Kuchli zilziladan ogohlantirish" mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Zilziladan erta ogohlantirish tizimi to`liq ishga tushirilib, ishlashi to`liq tekshirilgandan so`ng, mobil ilova orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to`g`risida tezkor xabarnoma yuboriladi.






