Umuman, yangi imkoniyatlar hisobiga 2024 yilda IT xizmatlari hajmini 2 barobar oshirib, eksportini 800 million dollarga etkazish zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari bu marralarga erishish uchun chet tili va ITni biladigan kadrlar zarurligini ko`rsatib o`tdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi oldiga kelgusi yilda 8 ming nafar eng iqtidorli yoshlarni saralab, nufuzli xalqaro kompaniyalar talabiga mos dastur asosida o`qitish, ularni IT kompaniyalaridagi yuqori daromadli ishlarga joylashtirish vazifasi qo`yildi.
Shuningdek, kelgusi yildan “Har bir mahallada kamida ikki nafar dasturchi” loyihasi boshlanadi. 30 ming yoshlarni ingliz tiliga o`qitib, IELTSdan kamida 7 ball, nemis va boshqa tillardan B2 sertifikati olishi uchun sharoit yaratiladi.
Davlatimiz rahbari Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi IT shaharcha loyihasini ma`qullab, shu tajriba asosida 2024 yil yakuniga qadar har bir tumanda shunday shaharcha yaratish muhimligini ta`kidladi.
Shuningdek, AQShlik hamkorlar bilan “Inklyuziv raqamlashtirish” loyihasi doirasida kamida 20 ming nafar yoshlar, ayollar va nogironligi bo`lgan aholi bandligini ta`minlash rejalashtirilgan.
Prezidentimiz 2026 yilda Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor mamlakatimizda o`tkazilishini ma`lum qildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga “maktab – tuman – viloyat – respublika” bosqichida tanlovlar o`tkazib, 5-8 sinf o`quvchilari orasidan eng salohiyatli 100 nafarini tanlab olish topshirildi.
IT yaxshi rivojlangan davlatlardan malakali ekspertlar jalb qilingan holda o`quvchilar bo`lajak xalqaro olimpiadaga chuqur tayyorlanadi.
20.12.2023 16:59
2026 yil Xalqaro informatika olimpiadasi ilk bor O`zbekistonda o`tkaziladi






