Bosh vazir Abdulla Aripov barcha davlat tashkilotlariga byudjet va undan tashqari mablag`lar hisobidan yangi yil bayrami munosabati bilan bayram dasturxoni yozish va korporativ yig`ilishlar o`tkazishni taqiqladi.
O`zbekistonda hukumat topshirig`i bilan davlat tashkilotlariga yangi yil munosabati bilan korporativ bayramlar o`tkazish taqiqlangani haqida xabar tarqaldi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov bu xabar ayrim telegram-kanallarda biroz noto`g`ri talqin qilinganini ta`kidladi.
Ma`lum qilinishicha, barcha vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat ulushi mavjud xo`jalik jamiyatlari va tijorat banklariga byudjet va undan tashqari mablag`lar hisobidan yangi yil bayrami munosabati bilan korporativ yig`ilishlarni tashkil etish va bayram dasturxonini yozish taqiqlandi.
Xodimlar o`z oyliklari yoki rag`bat pullaridan tashkil etishi bundan mustasno.
"Byudjet puli — xalqning puli. Uning har bir tiyini hisobli. Xalqimiz bu pullarni bizning o`yin-kulgi qilishimiz uchun bermagan", — degan bosh vazir Abdulla Aripov.
Hukumat rahbari o`tgan yili ham byudjet mablag`lari hisobidan bayram tadbirlarini o`tkazishni taqiqlagandi.






