AsosiyJamiyat

Adliya vaziri yosh huquqshunoslar bilan uchrashadi

'Adliya vaziri yosh huquqshunoslar bilan uchrashadi'ning rasmi

Adliya vaziri Akbar Toshqulovning Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari, universitet qoshidagi akademik lisey hamda Adliya vazirligi yuridik texnikumlar o`quvchilari bilan ochiq muloqoti bo`lib o`tdi.

Mazkur muloqot “Raqamlashtirish davrida huquq sohadagi zamonaviy chaqiriqlar” mavzusidagi Yosh huquqshunoslar forumi doirasida o`tkazildi.

Gibrid (onlayn va an`anaviy) shaklda tashkil etilgan ochiq muloqotda 500 nafardan ortiq yosh huquqshunoslar ishtirok etdi.

Ochiq muloqotda A.Toshqulov o`zining hayotiy tajribalari bilan o`rtoqlashdi.

Vazir o`z nutqida mamlakatimizda malakali kadrlar, xususan, professional huquqshunoslarni tayyorlash borasida qilinayotgan ishlar xususida so`z yuritib, davlatni taraqqiyotga etaklovchi avlodlar almashinuvi ro`y berishi uchun ta`limga alohida e`tibor qaratilishi lozimligini, bizning yoshlar ham dunyoning etakchi kompaniyalarida faoliyat olib borib, yangi olamshumul korporasiyalarga asos solishi kerakligini ta`kidladi. Shu bilan birga har bir iqtisodi rivojlangan davlatning orqasida ko`rinmas fundament – institutlar, qonunlar turishini, qonun hamma narsaga tarozi bo`lib xizmat qilishini, u adolat mezoni, davlatning vijdoni, standarti va o`lchovi ekanini qayd etdi.

Shuningdek, A.Toshqulov barcha sohalar qatori huquq sohasida ham kun sayin yangidan yangi muammo va vazifalar paydo bo`layotganini, huquq sohasi faqat qonunlar va qarorlar yig`indisi emas, balki jamiyat tuzilishini shakllantiradigan tirik va nafas oluvchi kuch ekanini hamda yuridik kasbning muhim jihatlaridan biri uning adolatga sodiqligida ekanini aytib o`tdi.

Forum doirasida ishtirokchilar raqamlashtirish va huquq, adliya tizimida ishlash tartibi, yosh huquqshunoslar uchun kerak bo`ladigan ko`nikmalar haqida foydali ma`lumotlarga ega bo`ldi.

Ochiq muloqot davomida Adliya vaziri talabalar va o`quvchilarning savollariga batafsil javob berdi.

    Boshqa yangiliklar