Amerika Qo`shma Shtatlariga noqonuniy yo`llar orqali ketgan 119 nafar o`zbekistonlik vatanga qaytarildi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar qildi. Ma`lum qilinishicha, ularning ko`pchiligi Amerikaga Meksika davlati orqali o`tishga harakat qilgan. U erga borguncha yo`llarda turli qiyinchiliklarga duch kelishgan.
Ma`lumotlarga ko`ra, 2021 yilning oktyabridan 2023 yilning oktyabrigacha AQSh chegarasini noqonuniy kesib o`tgan 13 mingdan ortiq o`zbekistonlik qo`lga olingan.
"Men bilan birga ketgan o`rtog`imning pochchasi o`sha erda ekan. Magazinda ishlaymiz, oyiga 10-12 ming AQSh dollari pul topamiz deganiga ishonib, havas qilib ketgandik. 3 sentyabr kuni borgandik. 110 kun qamoqda ushlab turishdi, non eyishmas ekan, non berishmadi bizga. U erning qamoqxonalari boy-kambag`alga qaramaydi. Qiyinchiliklarni boshdan o`tkazib, bugun yurtimizga qaytib keldik", - deydi qaytib kelganlardan biri.
Uning aytishicha, u Amerikaga borish uchun 2-3 yilda topgan pulini 3 oyda ko`chaga tashlab kelgan. U Meksikagacha 30 kun yo`l bosgan. Amerikaga o`tkazib qo`yish uchun esa chegarada undan 5 ming AQSh dollari so`rashgan.
Oshpazlik qilmoqchi bo`lgan yana bir o`zbekistonlik esa 4 oy Amerika qamoqxonasida saqlangan va ancha katta pulidan ayrilgan. Yana bir odam esa, Amrerikada ish topish oson emasligi, hatto 3-4 oylab ish topa olmay qolib ketgan ayollar boriligi ma`lum qilgan. Unga ko`ra, ayni paytda AQShda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun reydlar boshlangan.






