Oliy Majlis Senatining 48-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Narbaeva xususiy sektordagi ayollarga "dekret" puli bo`yicha davlat xarajatlarining qisqarayotgani haqida fikr bildirdi.
"Keyingi yil Budjetida xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik va tug`ish nafaqalari (dekret) miqdori qisqartirilgani ko`pchilikda savollarni tug`dirdi.
Holbuki, bu qisqartish real hisob-kitoblar, ya`ni joriy yilgi o`zlashtirish darajasini inobatga olgan holda belgilangan. Lekin, toki Budjet loyihasi e`lon qilingunga qadar xususiy sektorda ishlovchi ayollarning dekret puli bilan bog`liq real holat tegishli idoralar jamoatchilikka taqdim etilganini eslay olmaymiz. Masalan, Oila va xotin-qizlar qo`mitasi ushbu masala bilan qiziqmagan.
“Nega o`zlashtirish kam bo`lyapti?”,
“xususiy sektordagi ayollarimiz davlatning bu kafolatidan qanchalik xabardor?”,
“xususiy korxonalar bu masalaga qanday yondashyapti?”, degan savollar doirasida keng qamrovli muhokamalar bo`ldi deya olmaymiz. Vaholanki, mutasaddi vazirlik, idoralar bunga birinchi navbatda e`tibor qaratishlari kerak edi.
Hamma, ayniqsa xususiy sektorda rasman mehnat qilayotgan ayollarimiz bilib qo`yishlari kerak: homiladorlik va tug`ish nafaqalari – bu davlat kafolati va har qanday holatda ham to`lab beriladi. Boshqacha talqinga o`rin yo`q!
Hurmatli senatorlar, qolaversa bizni kuzatib turgan mahalliy Kengashlardagi hamkasblarimiz, shuni aytish kerakki, bu kabi masalalarda biz ham birinchilar qatorida mas`ulmiz.
Davlat budjetida ko`rsatilgan har bir raqamning asosi, mazmuni va ahamiyatini aholiga tushuntirishimiz kerak", - deya ta`kidlagan u.






