O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 dekabr kuni Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali muloqotda uni Prezident saylovida qozongan ishonchli g`alabasi bilan samimiy qutladi.
Saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari do`st Misr xalqi amaldagi davlat rahbarining siyosati va islohotlar dasturini keng qo`llab-quvvatlayotganidan dalolat ekani qayd etildi.
O`zbekiston-Misr keng ko`lamli sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.
Joriy yil fevral oyida Qohiraga oliy darajali tashrif davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e`tibor qaratildi.
Muloqot va almashinuvlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`zaro savdo hajmi oshib bormoqda. Qishloq xo`jaligi, geologiya, suv ta`minoti, transport, logistika, kimyo sanoati va boshqa ustuvor sohalarda kooperasiya loyihalari boshlandi.
Ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig`ilishlarini o`tkazish kelishib olindi.
Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.






