AsosiyJamiyat

Qishki “perevod” uchun hujjatlar qabuli boshlandi – nimalarni bilish kerak?

'Qishki “perevod” uchun hujjatlar qabuli boshlandi – nimalarni bilish kerak?'ning rasmi

Qish mavsumida faqat bir davlat oliy ta`lim muassasasidan boshqasiga o`qishini ko`chirish uchun ma`lum toifa talabalariga ruxsat beriladi. "Ta'lim nazorati" telegram kanalida “perevod” uchun qabul jarayonlari haqida batafsil ma`lumot berildi.

O`qishni uzrli sabablarga ko`ra ko`chirish uchun arizalar qonunchilik bo`yicha faqat 2 toifadagi fuqarolar quyidagi uzrli sabablarga ko`ra o`qishni ko`chirish uchun ariza topshirishi mumkin:

  •  talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o`rtog`i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta`lim muassasasiga o`qishini ko`chirish uchun;

 

  • davlat organlarining xodimlari ish joyi o`zgargan taqdirda uning turmush o`rtog`i yoki voyaga etmagan farzandi o`qishini ko`chirish uchun (tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida).

 

Belgilangan tartibga muvofiq 2 ta uzrli sababga (https://t.me/uztdi/7856) ko`ra davlat oliy ta`lim muassasalariaro o`qishni ko`chirish haqidagi arizalarni qabul qilish uchun 13 ta oliy ta`lim muassasasida hududiy Ishchi guruhlar tashkil etildi (rasm).

Ishchi guruhlar 2024-yilning 20-yanvar kuniga qadar har kuni soat 9:00dan 17:00 gacha (yakshanba – dam olish kuni; shanba – soat 9:00 dan 15:00 gacha) faoliyat ko`rsatadi.

Hududiy ishchi guruhlarga quyidagi hujjatlar arizachi ishtirokida (oflayn) taqdim etiladi:

  •  o`qishni ko`chirish bo`yicha ariza (ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to`ldiriladi);
  •  talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma`lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo`lsa etarli);
  •  pasport nusxasi;
  •  PQ-279-son qaror 7(v)-bandida qayd etilgan uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.

Bu muddatda xorijiy va xususiy OTMdan o`qishni ko`chirish uchun arizalar olinmaydi.

Arizalar 20 yanvargacha qabul qilinsa, o`qishini ko`chirish bo`yicha arizani ko`rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25-yanvardan 15-fevralga qadar amalga oshiriladi.

Keyingi jarayon qanday bo`ladi?

Tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasining xati asosida oliy ta`lim muassasasi rektorining buyrug`i bilan o`qishi ko`chirilayotgan talaba darslarga qo`yiladi. OTM tomonidan talaba ilgari ta`lim olgan OTMga uning shaxsiy yig`ma jildini jo`natish uchun so`rovnoma yuboriladi.

So`rovnoma olingandan so`ng, talaba ilgari ta`lim olgan oliy ta`lim muassasasi rektorining talabalar safidan chetlashtirish haqida buyrug`i asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yig`ma jildi (ro`yxati bilan) uni o`qishga qabul qilgan oliy ta`lim muassasasiga jo`natiladi yoki ariza bilan o`qishi ko`chirilgan talabaga beriladi.

Shaxsiy yig`ma jild jo`natilishi mumkin bo`lmagan hollarda (yopiq yo`nalishlar va mutaxassisliklar bo`yicha kadrlar tayyorlash) oliy ta`lim muassasasi rektori tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan akademik ma`lumotnoma talabani o`qishga qabul qilgan oliy ta`lim muassasasiga jo`natiladi.

️Eslatma: agar talaba maqsadli qabul doirasida ta`lim olayotgan bo`lsa, unga o`qishni ko`chirishga ruxsat berilmaydi.

Grantda o`qiyotan talaba grant bilan o`qishini ko`chira oladimi?

O`qishning barcha shakllari bo`yicha oliy ta`limning mos va turdosh yo`nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo`yicha davlat grantlari o`rinlariga ko`chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko`ra oliy ta`lim muassasalarida tegishli o`quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

Ya`ni agar OTM yo`nalishlari uchun ajratilgan grant o`rin bo`lsa, ta`lim muassasasidagi vaziyatdan kelib chiqib, talabaga grant asosida o`qishni ko`chirishga ruxsat berilishi mumkin.

Ko`zi ojiz va nogironligi bor talabalarga grant asosida o`qishni ko`chirishga ruxsat beriladi.

    Boshqa yangiliklar