AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida psixotrop dori vositalarini tarqatib kelayotgan “zakladchik”lar ushlandi

'Toshkent viloyatida psixotrop dori vositalarini tarqatib kelayotgan “zakladchik”lar ushlandi'ning rasmi

Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan “dolzarb 40 kunlik” tezkor-profilaktik tadbirlari davomida, kuchli ta`sir qiluvchi va psixotrop dori vositalari savdosi bilan shug`ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo`yildi. 

Xususan, Oqqo`rg`on tumani hududida o`tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi 58 yoshli ayol (L.G.) gumonlanib, tekshirilganda uning yonidan 57 dona “zardeks” va “tropikomid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, hujjatlashtirilib olindi.

Ushlangan shaxs bilan o`tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, u dorilarni Farida (barcha ismlar o`zgartirilgan) ismli tanishidan olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi.

Uchtepa tumanida davom etgan tadbirda, "Farida" yani 1991 y.t. (F.A)ning xonadoni ko`zdan kechirilgan. Uning uyidan 2 ming donaga yaqin “zardeks” “lirika” va “tropikomid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari daliliy ashyo sifatida olindi.

Bundan tashqari, ushbu xonadonda bo`lgan 1993 y.t. shaxs (N.U.) ham ayolga yordamchi ekanligi, u dorilarni sotish uchun mijozlar topish va tarqatilish bilan shug`ullanishi aniqlandi.

Ushlanganlar bilan o`tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, ular dori vositalarini “Qobiljon” ismli tanishidan sotib olganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi.

Shayxontohur tumanida davom etgan tadbirda “Qobiljon” ya`ni 1994 y.t. (Q.G`.) 8 gr “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini 300 AQSh dollari va 4 mln 200 so`mga nazoratdagi xaridorga sotayotgan vaqtida viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.

Uning yashash xonadoni ko`zdan kechirilganida yuvinish xonasida 46 gr “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi o`tkazish maqsadida saqlanayotgani aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olindi. Ushbu shaxs sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” tarzida tarqatish bilan shug`ullanishi aniqlangan.

To`rt kun davomida o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida, kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarining savdosi bilan shug`ullanuvchi 6 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh qo`lga olinib, noqonuniy muomaladan narxi 178 million so`mga teng jami 2 000 donadan ortiq kuchli ta`sir qiluvchi, psixotrop dorilar hamda sintetik giyohvandlik vositalari muomaladan olindi.

Eslatib o`tamiz, ayni kunlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha Toshkent viloyatida “dolzarb 40 kun” maxsus profilaktik tadbirlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar