Xalqaro maydonda o`zbek madaniy diplomatiyasini rivojlantirish, boy madaniy merosimizni xalqimizga va xorijiy sayyohlarga keng tanishtirish ishlari yangi bosqichga ko`tariladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Kelgusi yili Toshkentda jahon kreativ iqtisodiyotiga bag`ishlangan konferensiya, Nukusda esa “Orol madaniyati” xalqaro ilmiy anjumani o`tkaziladi.
Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo`yicha alohida qonun qabul qilish ham kun tartibidagi dolzarb masala.
Prezident muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo`yicha etti yillik dastur qabul qilinishini e`lon qildi.
Innovasion texnologiyalar asosida Tarix muzeyi hamda San`at muzeyining zamonaviy yangi binolari barpo etiladi, Temuriylar tarixi hamda Tabiat muzeylarining ekspozisiyasi yangilanadi, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi kapital ta`mirlanadi.
Fransiya bilan hamkorlikda Milliy restavrasiya markazi faoliyati yo`lga qo`yiladi. Bugungi kunga qadar xorijiy restavratorlar bilan birga 238 ta madaniy boylik restavrasiya qilindi.
Muqaddas kitob – Usmon Qur`oni sahifalari ham konservasiya va restavrasiya qilinadi.
18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantiriladi. Shuningdek, Samarqandda Sohibqiron Amir Temur bog`lari qayta tiklanadi, “Buyuk ipak yo`li” muzeyi barpo etiladi va Bibixonim majmuasi restavrasiya qilinadi.
"Savol tug`iladi: xalqimiz televizorni eng ko`p ko`radigan paytlarda, ya`ni, “praym-taym” vaqtida xorijiy seriallarga katta o`rin berayotganimiz qanchalik to`g`ri? Bu oldimizga kechiktirib bo`lmaydigan dolzarb vazifalarni qo`ymoqda. Jumladan, milliy seriallar ishlab chiqarish bo`yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, bu yo`nalishda ijodkorlarimizni qo`llab-quvvatlash lozim”, - dedi Prezidentimiz.
Milliy seriallarimizni g`oyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali, hamma qiziqib ko`radigan darajaga etkazish zarurligi ta`kidlandi. Shu maqsadda “Milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasi” ishlab chiqiladi. Unda, avvalambor, mahalliy ijodkorlarimizga, xususan, ijrochi san`atkorlar, dramaturg va rejissyorlarimiz uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e`tibor qaratiladi. Buning uchun erkin iqtisodiy zona – “Cinema Park” tashkil qilish lozimligi ko`rsatib o`tildi.Vazirlar Mahkamasiga “Cinema Park” uchun davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent viloyati hududidan 50 gektar er maydoni ajratish bo`yicha taklif kiritish topshirildi.Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlari hokimlariga o`z viloyatlarida “erkin iqtisodiy kinohududlar” barpo etish bo`yicha loyihalarni boshlash topshirildi. Buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo`li haqida ko`p qismli animasion filmlar yaratishni ham nazarda tutish lozimligi ko`rsatib o`tildi.






