Qalbaki chet el valyutalarining muomalaga chiqarilishiga chek qo`yildi, deya “darakchi.uz”ga xabar qilmoqda DXX matbuot xizmati.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1993 y.t. shaxs 50 AQSh dollari kupyuralaridan iborat bo`lgan qalbaki 19250 AQSh dollarini haqiqiy 10 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u Rossiya Federasiyasidan olib kelingan ushbu qalbaki kupyuralarni Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1991 y.t. fuqarodan kelgusida o`tkazish maqsadida sotib olganligi aniqlanib, u ham qo`lga olindi.
Bu yo`nalishda DXX xodimlari Andijon shahrida ham Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazishdi.
Unda Andijon viloyatining Qo`rg`ontepa tumanida yashovchi, 1981 va 1982 yillarda tug`ilgan 2 nafar shaxs qalbaki 500 ming AQSh dollarini xaridor bilan haqiqiy 325 ming AQSh dollariga ayirboshlashga kelishib, dastlab unga namuna sifatida Qirg`iz Respublikasidan olib kelingan 100 AQSh dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 7600 AQSh dollarini haqiqiy 5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida qo`lga olindi.
DXX Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Chilonzor tumanida joylashgan “Erkin” YPX maskanida “Lasetti” rusumli avtomashinani to`xtatildi.
Avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan Buxoro shahrida yashovchi, 1973 y.t., muqaddam firibgarlik bilan bog`liq jinoyati uchun sudlangan shaxsning yonida 100 AQSh dollari kupyuralaridan iborat qalbaki 8900 AQSh dollari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma`lum bo`lishicha, mazkur fuqaro Turkiyada tayyorlanib, Qirg`iz Respublikasi orqali O`zbekistonga olib kelingan ushbu qalbaki xorijiy valyutlarni kelgusida sotib, daromad topish maqsadida Toshkent shahriga kelayotgan bo`lgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 176-moddasi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.






