AsosiyJamiyat

Toshkentda maxsus transport yo`laklari tashkil etiladi

'Toshkentda maxsus transport yo`laklari tashkil etiladi'ning rasmi

Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida «Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investisiyalar jalb etishni jadallashtirish (TAILEV)» loyihasi doirasida «Yashil shahar» transport yo`lagining taqdimoti bo`lib o`tdi.

TAILEV loyihasi Prezidentning 2023 yil 16 fevraldagi PQ–59-son qarorida belgilab berilgan 2025 yilgacha Toshkent shahri bo`yicha jamoat transporti doimiy harakatlanadigan umumiy uzunligi 475 km bo`lgan 36 ta alohida avtobus yo`laklarini tashkil etish tashabbusini qo`llab-quvvatlash va avtobus yo`laklarini xavfsiz hamda samarali joriy etishga ko`maklashishni nazarda tutadi.

Mazkur loyiha doirasida poytaxtning Shota Rustaveli ko`chasida joriy etilishi rejalashtirilgan yashil transport yo`lagining konsept-dizayni, matematik modeli va uni asosida texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqildi.

Ushbu yo`lak loyihasini ishlab chiqishda yo`lovchi va aholini fikri o`rganilib, nogironligi bo`lgan shaxslar, qariyalar, bolalar va ayollarning jamoat transporti infratuzilmasiga bo`lgan ehtiyojlari inobatga olingan.

Texnik-iqtisodiy asoslarga ko`ra mazkur yo`lakni joriy etilishi natijasida yo`lak bo`ylab avtotransportning o`rtacha tezligi 11 foizga oshishi, atmosfera havosi ifloslanishi 12,3 foizga qisqarishiga erishilishi hisoblab chiqildi.

Shuningdek, bir kunda yo`lak bo`ylab avtobusda harakatlanadigan barcha yo`lovchilar hamda shaxsiy transport egalarining tejalgan umumiy vaqti 3 318 soatni, tejalgan yoqilg`i yiliga 2,6 million litrni tashkil etib, bu yiliga 21,2 milliard so`m iqtisodiy samaraga olib kelishi haqida ma`lumot berildi.

Ishlab chiqilgan loyihalar va texnik-iqtisodiy asoslar Toshkent shahar hokimligiga kiritildi. 

    Boshqa yangiliklar