Serbiya parlamentiga saylovlarda prezident Vuchichning o`ng qanot populistik bloki g`alaba qozondi. Kuzatuvchilar qonunbuzilish holatlari haqida gapiryapti. Muxolifat norozilik namoyishlarini o`tkazmoqda.
Serbiya poytaxtida 24 dekabr, yakshanba kuni kechki payt parlament va mahalliy saylovlarda soxtalashtirishlar sodir etilganiga qarshi yana ommaviy namoyishlar bo`lib o`tdi. Minglab odamlar Belgrad ko`chalariga chiqdi, deya ta`kidlaydi Reuters. Namoyishchilarning ba`zilari mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchichga ishora qilib, «Vuchich - o`g`ri» deb hayqirgan.
Yuzlab namoyishchilar shahar ma`muriyati binosiga kirishga harakat qildi, ba`zilari derazalarni sindira boshlagan. Polisiya namoyishchilarni to`xtatish uchun ko`zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Xabar e`lon qilingan vaqtda qo`lga olinganlar va qurbonlar haqida ma`lumot berilmagan.






