Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2022—2023 yillarda jahon bozorida neft narxi o`zgarishining O`zbekistonda benzin narxlariga ta`sirini tahlil qildi. Tahlil natijalariga ko`ra, O`zbekistonda benzin narxiga jahon bozorida neft narxlarining o`zgarishi sezilarli darajada ta`sir ko`rsatayotgani aniqlandi.
Unda 2022 yil yanvar oyidan 2023 yil noyabr oyigacha bo`lgan davrda Respublika tovar-xom ashyo birjasida sotilgan avtobenzin ulgurji narxlari, Toshkent shahrida AYoQShlardagi chakana benzin narxlari hamda Jahon bankining neft narxlari bo`yicha ma`lumotlaridan foydalanildi.
Tahlil natijalariga ko`ra, jahon bozorida neft narxining o`zgarishi 1 oy o`tgandan so`ng Respublika tovar-xom ashyo birjasida avtobenzin narxlarida o`z aksini topmoqda.
Masalan, 2022 yil yanvar iyun oylarida neft narxining 39,2 foizga oshishi birjada avtobenzin o`rtacha ulgurji narxining 22,4 foizga ko`tarilishiga olib kelgan. 2022 yil iyul dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2 foizga tushishi ulgurji narxlarning o`rtacha 21,3 foizga arzonlashishiga sabab bo`lgan.
2023 yilning yanvar may oylarida jahon bozorida neft narxining barqarorlashishi hamda 2022 yilning 10 dekabridan Ai-80 markali avtobenzin uchun aksiz solig`ini nol stavkasiga tushirilishi natijasida avtobenzinning o`rtacha ulgurji narxlari 4848—5060 so`m oralig`ida shakllandi.
Lekin, 2023 yilning iyun noyabr oylarida avtobenzinning o`rtacha ulgurji narxi 5315 so`mdan 5860 so`mgacha (10,2 foiz) oshdi. Ushbu davrda jahon bozoridagi o`rtacha neft narxi 11 foizga (73 AQSh dollaridan 81 AQSh dollarigacha) qimmatlashgan.
Ekonometrik tahlil natijalariga ko`ra, avtobenzinning o`rtacha ulgurji narxi, shu jumladan, talab yuqori bo`lgan Ai-80 va Ai-92 markali benzinlarning ulgurji narxlari jahon bozoridagi neft narxiga sezuvchan ekani aniqlandi.
Xususan, jahon bozorida neft narxining 1 foizga ko`tarilishi avtobenzin o`rtacha ulgurji narxlarining bir oy kechikish bilan 0,30 foizga oshishiga, shu jumladan, Ai-80 benzinning 0,32 foizga, Ai-92 benzinning 0,54 foizga qimmatlashishiga olib kelishi ma`lum bo`ldi.
Toshkent shahrida avtobenzinlarning o`rtacha chakana narxlari esa o`rtacha ulgurji narxlarga sezuvchan bo`lib, ular bir xil o`zgarish dinamikasiga ega.
Xususan, Respublika tovar-xom ashyo birjasida avtobenzin ulgurji narxlarining 1 foizga o`sishi, Toshkent shahrida chakana narxlarning 0,29 foizga oshishiga olib kelmoqda.
Lekin, 2023 yil yil noyabr oyida jahon bozorida 1 barrel neft narxining o`rtacha hisobda 81,35 AQSh dollarigacha (oktyabr oyiga nisbatan 8,7 foizga) pasayganiga qaramasdan, dekabr oyida Toshkent shahrida Ai-80 avtobenzin o`rtacha chakana narxi (7611 so`m) noyabr oyiga (7440 so`m) nisbatan 2,3 foizga ko`tarildi. Bu esa dekabr oyining o`rtalarida sovuq havo iqlimining kirib kelishi bilan metan gaz ta`minotidagi cheklanishlar natijasida Ai-80 benzinga bo`lgan talabning sezilarli darajada oshishi bilan izohlanishi mumkin.
“Mamlakatimizda neft va avtobenzin mahsulotlariga bo`lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanishi sababli jahon bozorida neft narxlarining o`zgarishi ichki bozorda avtobenzin narxlariga sezilarli darajada ta`sir ko`rsatmoqda. Demak, O`zbekistonda avtobenzin narxlari 1 oylik kechikish bilan jahon bozorida neft narxi bilan uyg`unlikda harakat qilmoqda”, — deyiladi tahlilda.






