22 dekabr kuni O`zbekiston Mudofaa vazirligi taklifi bilan Vazirlar Mahkamasining "Yosh vatanparvar" ko`krak nishonini ta`sis etish bo`yicha qarori muhokamaga qo`yildi.
Ko`krak nishoni bilan Mudofaa vazirligi tomonidan tashkil etiladigan musobaqa g`olibi bo`lgan davlat umumiy o`rta ta`lim muassasalarining 11-sinfida o`qiydigan o`g`il bolalar mukofotlanadi.
U bilan taqdirlanganlarga 2 yil mobaynida amal qiladigan quyidagi imtiyozlar beriladi:
- oliy harbiy ta`lim muassasalariga o`qishga kirishda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o`tkaziladigan test sinovlarida qo`shimcha 3 ball;
- birinchi navbatda muddatli harbiy xizmatga chaqirilish (harbiy xizmatni o`tashga yaroqli deb topilgan hamda chaqiruv muddatlarini kechiktirish va chaqiruvdan ozod etish huquqiga ega bo`lmagan taqdirda).
Nishon har yili 30 iyun — "Yoshlar kuni"da g`oliblarga tantanali ravishda topshiriladi.
Qaror muhokamasi 2024 yil 6 yanvargacha davom etadi.






