Istanbul shahrida O`zbekiston Prezidentining tegishli farmoni bilan "Do`stlik" ordeni bilan taqdirlangan Turkiyaning "Cengiz Holding" kompaniyasi ta`sischisi Mexmet Jengizga ushbu yuksak mukofotni tantanali topshirish marosimi bo`lib o`tdi.
Tantanali tadbirda mazkur xolding boshqaruv kengashi a`zolari va kompaniya xodimlari ishtirok etdi.
O`zbekistonning Istanbuldagi bosh konsuli Sherzod Abdunazarov davlatimiz rahbarining Mexmet Jengizni «Do`stlik» ordeni bilan taqdirlash to`g`risidagi tegishli farmonini o`qib eshittirdi.
Mexmet Jengiz mukofotni qabul qilib olar ekan, O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga uning faoliyatiga berilgan yuksak baho va "Do`stlik" ordeni bilan taqdirlangani uchun minnatdorlik bildirdi.
- Hurmatli tadbir qatnashchilari, xonimlar va janoblar. Hayotim davomida ko`plab medal va ordenlar bilan taqdirlanganman. Lekin O`zbekiston Prezidenti tomonidan taqdim etilgan mazkur "Do`stlik" ordeni men uchun alohida ahamiyatga ega. O`zbekiston bizning ona tuprog`imiz. Yurtingizga sarmoya kiritdik, do`stlik aloqalarini o`rnatdik. Bugun men bu ordenni faxr ila qabul qildim. Fursatdan foydalanib, yuksak e`tibor uchun O`zbekiston etakchisiga minnatdorlik bildiraman. O`zbekistonda bizga yaratib berilgan imkoniyatlar natijasida o`z faoliyatimizni yo`lga qo`ydik. Shu orqali biz ikki davlat o`rtasidagi hamkorlik rivojiga oz bo`lsada hissa qo`shyapmiz, - dedi u.






