AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali gaplashdi

'Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali gaplashdi'ning rasmi

28 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Turkman xalqining milliy etakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.

Suhbat avvalida O`zbekiston Prezidenti va Turkman xalqining milliy etakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi bir-birini yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan dildan qutlab, qardosh xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini bildirdilar.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga o`zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yo`lladi.

O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Ilgari erishilgan, shu jumladan parlamentlararo muloqot doirasidagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi.

Tomonlar barcha ustuvor yo`nalishlarda o`zaro manfaatli hamkorlik sezilarli faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O`zaro savdo hajmi oshmoqda – 2023 yil yakuni bilan tovar ayirboshlash 1 milliard dollardan ortadi. Poytaxt Toshkent va Ashxobod shaharlarida savdo uylari ochildi, birgalikda “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo zonasini barpo etish bo`yicha ishlar davom etmoqda.

Sanoat, energetika, qishloq xo`jaligi, transport sohalarida ikki mamlakat etakchi korxonalarining kooperasiyasi kuchaymoqda, hududlararo aloqalar kengaymoqda. Joriy yilda Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig`ilishlari muvaffaqiyatli o`tkazildi.

Qo`shma madaniy-gumanitar tadbirlar, shu jumladan Madaniyat kunlari va ijodiy jamoalarning safarlari o`tkazilmoqda.

Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi. 2024 yilga mo`ljallangan uchrashuvlar rejasi ko`rib chiqildi.

    Boshqa yangiliklar