AsosiyDunyo

AQShning yana bir shtati Trampga saylovlarda qatnashishni taqiqladi

'AQShning yana bir shtati Trampga saylovlarda qatnashishni taqiqladi'ning rasmi

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga Respublikachilar partiyasining Men shtatida bo`lib o`tadigan praymerizida prezidentlikka nomzodini qo`yish taqiqlandi. Men shtati davlat kotibi Shanna Bellouz tomonidan qabul qilingan ushbu qaror 29 dekabr, juma kuni shtat davlat kotibi departamentining rasmiy saytida e`lon qilindi, deya yozmoqda Zamon.uz. 

Bellouz qarori AQSh Konstitusiyasiga isyonda qatnashgan shaxslarning fuqarolik yoki harbiy davlat lavozimlarini egallashini taqiqlovchi 14-tuzatishiga asoslangan. Tramp o`z tarafdorlarining 2021 yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishiga sabab bo`lgan harakatlarini qo`zg`atganlikda ayblanmoqda.

Donald Tramp saylovoldi shtabi matbuot kotibi Stiven Chjan AQSh sobiq prezidenti tarafdorlari Bellouzning "dahshatli" qaroriga sudda e`tiroz bildirishini aytgan. Avvalroq Tramp Bellouzdan uning praymerizlarini ko`rib chiqishda qatnashmaslikni talab qilgandi, chunki u Demokratik partiyadan sobiq shtat senatori bo`lgan va 2021 yil 6 yanvardagi voqealarni ochiqchasiga isyon deb atagan, bu esa uni, Oq uy sobiq rahbari fikricha, noxolis pozisiyani egallashga undaydi.

Trampga qarshi xuddi shunday da`volar yana bir qancha shtatlarda ham ochilgan. Noyabr oyida Minnesota Oliy sudi sobiq prezidentning saylovda qatnashishini taqiqlashdan bosh tortdi, Michigan shtatida esa sud Oq uy sobiq rahbari saylov byulletenida qolish-qolmasligini sud tizimi emas, Kongress hal qilishi kerak, degan qarorga keldi.

Tramp Kapitoliyga bostirib kirishga aloqadorligini rad etib keladi.

    Boshqa yangiliklar