Toshkent, Andijon va Navoiy viloyatlarida er maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo`yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati darakchi.uz'ga ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, muqaddam Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani hokimi lavozimida ishlagan shaxs va ichki ishlar organlarining sobiq xodimi hamda maklerlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi fuqaro o`zaro til biriktirib, aldov yo`li bilan tadbirkorning ishonchiga kirishgan.
Xususan, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani “Surum” MFY hududidan tikuvchilik fabrikasi tashkil etish uchun boshqa bir fuqaroga tegishli mas`uliyati cheklangan jamiyatga berilgan 11,1 gektar er maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 6 mln. AQSh dollari talab qilishgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, mazkur 3 nafar shaxs Toshkent shahridagi kafelardan birida so`ralgan pul mablag`idan 200 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam sudlangan shaxs Toshkent viloyatining Ohangaron tumani “Ilg`or” MFY hududida joylashgan va davlat zaxirasida bo`lgan 10 gektar er maydonini “O`zbekiston - 2030” strategiyasining 67-bandining ijrosi doirasida 10 yil muddatga ijaraga olib berish evaziga tadbirkordan 80 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur pul mablag`idan 15 ming AQSh dollarini Ohangaron tumani “Ilg`or” mahalla fuqarolar yig`inidagi hokim yordamchisiga berishi kerakligi aniqlanib, ushbu mansabdor shaxs ham so`ralgan pulni olgan vaqtida ushlandi.
Andijon viloyatining Oltinko`l tumanida yashovchi, 1990 y.t., muqaddam sudlangan shaxs aldov yo`li bilan o`zganing ishonchiga kirib, unga tumandagi fermer xo`jaliklardan biriga tegishli er maydonidan 15 sotix qismini go`yoki o`ziga tegishli ekanligini aytgan va er maydoniga nisbatan rasmiylashtirilgan soxta hujjatlarni ko`rsatib, kelgusida mazkur er maydoniga noturar joy sifatida hujjatlar tayyorlab, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 65 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlar tomonidan IJQKD bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, u so`ralgan pul mablag`idan 60 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi qishloq xo`jaligi ekinlari etishtirishga ixtisoslashgan mas`uliyati cheklangan jamiyat rahbari mazkur MChJga qarashli 2,2 gektar er maydonini xaridorga 490 mln. so`mga sotishga kelishib, ushbu er maydonida kottej uylar qurish uchun mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, MChJ rahbari talab qilingan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






