AsosiyJamiyat

O`zbekiston aeroportlari yil davomida xizmat ko`rsatgan yo`lovchilar soni bo`yicha rekord o`rnatdi

'O`zbekiston aeroportlari yil davomida xizmat ko`rsatgan yo`lovchilar soni bo`yicha rekord o`rnatdi'ning rasmi

29 dekabr kuni O`zbekiston xalqaro aeroportlarida 2023 yil uchun yo`lovchi tashish hajmi 10 millionni tashkil etib, rekord darajaga etdi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports.

Yubiley yo`lovchi Humo Air aviakompaniyasining HJ24 reysi bilan Nukusdan Toshkentga kelgan Gulshad Najimatdinova bo`ldi. Ayol oilasi bilan bayram kunlarini Toshkentda nishonlash uchun uchib kelayotgan va bunday sovg`ani kutmagan edi. U 10 millioninchi yo`lovchi bo`lganini Nukusda ro`yxatdan o`tish paytida bildi. Yo`lovchini birinchi bo`lib aeroport direktori O`rinboy Bekbergenov tabrikladi.

"Toshkent" aeroportining uchib kelish terminalida yo`lovchi Uzbekistan Airports kompaniyasi rahbariyati tomonidan tantanali ravishda kutib olingan. Unga boshqaruv kompaniyasi tomonidan gullar va esdalik sovg`alari, shuningdek, SIP zalidan 10 marotaba bepul foydalanish uchun mahsus sertifikat topshirildi.

"10 million yo`lovchi O`zbekiston aeroportlari uchun rekord ko`rsatkichdir. Bunga aeroportlarimizga xorijiy aviatashuvchilarni jalb etish bo`yicha tizimli ishlar, shuningdek, yangi mahalliy aviakompaniyalar tashkil etilishi tufayli erishildi. Yubiley yo`lovchimiz ham shu yil dekabr oyida parvozlarni amalga oshira boshlagan kompaniyalardan biri — Humo Air bortida uchib keldi", — deya izoh berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Ma`lumot uchun, 2022 yil yakuniga ko`ra O`zbekiston aeroportlarida jami yo`lovchi tashish hajmi 7,9 million kishini tashkil qilgan.

    Boshqa yangiliklar