Ijtimoiy tarmoqda Namanganda Mercedes-Benz haydovchisi rul boshqaruvi vaqtida Instagram'da jonli efir qilib, turli qoidabuzarliklar qilgani videosi tarqaldi. Tarqalgan xabarda aytilishicha, mazkur yigit viloyat hokimligida yuqori lavozimda ishlagan amaldorning o`g`li hisoblanadi.
Holat yuzasidan viloyat IIB YHXB ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2024 yil 1 yanvar kuni Namangan shahar Islom Karimov ko`chasida 2000 yilda tug`ilgan yigit Mercedes-Benz mashinasida yo`l harakati qoidalarini qo`pol ravishda buzib, tezlikni me`yordan oshirib, o`zi va o`zgalar hayotiga xavf tug`diruvchi harakatlar sodir etgan.
Haydovchi qo`lga olinib, unga nisbatan chora ko`rilgan. Mercedes-Benz mashinasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ushbu haydovchi harakatlanish davomida yo`l harakati qoidalarining oltita bandini buzgan.
Jumladan:
— mashina oynalarining tusi noqonuniy o`zgartirilgan (BHMning 25 baravari, 8,5 mln so`m miqdorida jarima);
— harakat davomida telefondan foydalangan (BHMning 3 baravari, 1 mln 20 ming so`m miqdorida jarima);
— svetoforning qizil chirog`idan o`tgan (BHMning 2 baravari, 680 ming so`m miqdorida jarima);
— avariya holatini keltirib chiqargan (BHMning 10 baravari, 3,4 mln so`m miqdorida jarima);
— avtomobilning davlat raqamini o`zboshimchalik bilan echib olib harakatlangan (BHMning 5 baravari, 1,7 mln so`m miqdorida jarima);
— tegishli hujjatsiz mashina boshqargan (BHMning 1 baravari, 340 ming so`m miqdorida jarima).
Namangan shahrida tungi vaqt soat 03:00 larda mashinalar yo`qligidan foydalanib, vaqtinchalik olingan mashinani test qilib ko`rdik. Mashina 3 kunga egasidan so`rab olingan edi. Qilgan ishimdan pushaymonman. Butun O`zbekiston xalqidan uzr so`rayman. Hozir mashina jarima maydoniga qo`yildi”, — deydi qoidabuzar haydovchi.






