Prezident Shavkat Mirziyoev 4 yanvar kuni qishloq xo`jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Suv tanqisligi tobora kuchayayotgan bugungi zamonda mamlakatimizda uni qadrlash, tejab foydalanishga alohida e`tibor qaratilmoqda. So`nggi yillarda 472 ming gektar er tomchilatib va 48 ming gektari yomg`irlatib sug`orishga o`tkazildi, 97 ming gektarda boshqa suv tejovchi texnologiyalar joriy qilindi. 649 ming gektar er lazerli tekislandi.
Shunday chora-tadbirlar natijasida birgina 2023 yilda 2 milliard kub metr suv tejalgan. Misol uchun, bu Buxoro viloyatining bir yillik suv sarfiga tengdir.
Bu ko`lamni yanada kengaytirish harakatlariga tizimdagi ayrim muammolar xalal bermoqda. Masalan, tuman irrigasiya bo`limlarining vakolatlari xo`jaliklararo kanallar bilan cheklangan. Suv etkazish xizmatlari samarali moliyalashtirilmagan. Tejamkor uskunalar o`rnatish tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan kreditlar fermerlarga jozibali emas.
Shu bois, davlatimiz rahbarining topshirig`iga asosan, quyi bo`g`inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo`yicha takliflar ishlab chiqildi.
Unga ko`ra, tuman irrigasiya bo`limlari va maxsus xizmatlar negizida “Suv etkazib berish xizmatlari” davlat muassasalari tashkil qilinadi. Ular ekskavator va boshqa texnikalar bilan ta`minlanadi. Bu sug`orish tarmoqlariga xizmat ko`rsatish ishlarini 2 barobarga arzonlashtiradi.
Shuningdek, barcha sug`orish tarmoqlarini xatlovdan o`tkazish, egalari bo`yicha biriktirish hamda har birining yagona identifikasion raqamini ishlab chiqish ko`zda tutilmoqda.
Ma`lumki, joriy yildan dalagacha etkazilgan 1 kub metr suv uchun soliq 100 so`m etib belgilandi. Ko`pchilikning ongida o`rnashib qolgan “suv – tekin” degan tushunchani o`zgartirish vaqti keldi.
Suv iste`molchilari bilan hisob-kitobni shu tamoyil asosida yo`lga qo`yish taklif qilinmoqda. Jumladan, 2025 yildan boshlab, dalada suv hisoblagich o`rnatgan va tejamkor texnologiyalarni qo`llaydigan fermerlar uchun soliq koeffisienti kamaytiriladi. Aksincha holatlarda esa oshiriladi. Shu bilan birga, suv etkazib berish uchun to`lovlar bekor qilinadi.
Yig`ilishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish jozibadorligini oshirish choralari ham ko`rib chiqildi.
Qayd etilganidek, buning uchun imtiyozli kredit liniyasi tashkil qilinmoqda. Xususan, kreditlar 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 14 foizlik stavkada ajratiladi. Qoraqalpog`iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi loyihalar uchun esa 10 foiz bo`ladi. Kredit olishda fermerlardan mol-mulk garovi talab qilinmaydi.
Shuningdek, kreditlar “onlayn” ajratilishi yo`lga qo`yilmoqda. Bu borada Agrobank tomonidan “Suvkredit.uz” tizimi ishlab chiqilgan. Yana bir muhim tomoni, endi pudratchilarga suv tejovchi texnologiyalarni faqat ishchi loyiha asosida qurish, o`rnatilgan tizimlarga kamida 2 yillik kafolat berish va kamida 5 yillik servis xizmati ko`rsatish kabi qo`shimcha majburiyatlar yuklatilmoqda. Bu talablarni bajarmaydigan pudratchilar tizimga kiritilmaydi.
Ma`lumki, bugungi kunda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun 8 million so`m miqdorida subsidiya beriladi. Shu paytgacha bu mablag`ning 50 foizi texnologiya o`rnatilgan yilda, qolgani kelgusi yili uning ishlatilishiga qarab to`lanar edi. Endi bu borada ham qulaylik yaratilib, barcha subsidiya mablag`larini o`sha yilning o`zida to`lab berish belgilanmoqda.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, so`nggi iste`molchigacha bo`lgan tizimni to`g`ri yo`lga qo`yish, suvni tejash ishlarini kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.






