Toshkent shahri, Shayxontohur tumanida yashovchi 27 yoshli A.I. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 7.680.000 so`m miqdoridagi pul mablag`lari noma`lum shaxs tomonidan firibgarlik yo`li bilan o`zlashtirilganligini ma`lum qildi. Bu haqda Kiberjinoyat markazi xabar bermoqda.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo`linmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Toshkent viloyati, Yangiyo`l shahrida yashovchi 35 yoshli X.M. sodir etganligi aniqlandi.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan X.M., A.I. bilan "Instagram" ijtimoiy tarmog`i orqali tanishib, unga Subsidiya asosida uy olib berishni va`da qilib uni aldab, oldindan 7.680.000 so`m miqdoridagi pullarni o`tkazib olgan va yozishmalarni yuborib, aloqani uzib qo`ygan.
Mazkur holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi "g" bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, X.M.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "g" bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
05.01.2024 13:32
"Subsidiya"ga uy olib beraman deya fuqarolarni chuv tushirib kelgan "firibgar" qo`lga olindi






