Yakkasaroy tumanida dekabr oyi boshida olib borilgan obodonlashtirish ishlari paytida shahar hokimligi Raqamli rivojlanish departamenti taklifi bilan Bobur va Shota Rustaveli ko`chalari chorrahasiga o`zgaruvchan ma`lumot tablosi o`rnatdi. Ular odatda fuqarolarni yo`l harakatidagi vaziyat, tezlik chegaralari va boshqalar haqida xabardor qilish uchun yo`lning yuqori qismiga joylashtiriladi.
Shahar ma`muriyati tablodan foydalanishni 2019 yilning bahoridayoq boshlagan edi. O`shanda ekranlarda yo`l harakati qoidalariga rioya qilish to`g`risida ogohlantirishlar berilgan, 2020 yilgi karantin paytida eslatmalar qo`shilgan edi. Shaharda jami sakkizta ekran bor edi. To`g`ri foydalanilmagani sababli, ma`lum vaqt o`tgach, tablolar ishlashdan to`xtadi va yo`llar ustida qora to`rtburchaklar kabi osilib qoldi.
2023 yil kuzida Raqamli rivojlanish departamenti ma`lumot tablolarini qayta tiklash tashabbusi bilan chiqdi.
Yangilangan tablolarda 14 turdagi ma`lumotlarni aks ettirish rejalashtirilgan. Masalan, biror kommunal muammo yoki yo`llarda to`siqlar paydo bo`lsa murojaat qilish kerak bo`lgan dispetcherlik xizmatlarining kontaktlari; shahardagi havo sifati haqidagi statistik ma`lumotlar, ob-havo ma`lumotlari, tez yordam mashinalarini o`tkazib yuborish zarurati haqidagi eslatmalar va boshqalar.
Ta`mirlash ishlari tugallangach, sakkizta tabloning barchasi o`z joyiga qaytadi: ikkita ekran — "Minor" metro bekati yaqinidagi chorrahaga, ikkitasi — Mustaqillik shohko`chasi va Oqqo`rg`on ko`chasi chorrahasiga, bittasi — Shahrisabz ko`chasi va Amir Temur shohko`chasi kesishgan chorrahaga, ikkitasi esa "Toshkent" aeroportiga.






