2024 yildan boshlab har yili madaniyatshunoslik, nomoddiy madaniy meros sohalari, xususan, maqom va baxshichilik san`ati bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan ilmiy xodimlar xorijiy oliy ta`lim va ilmiy muassasalarga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuboriladi. Bu 2023 yilning 25 dekabrida qabul qilingan prezident qarorida belgilab qo`yildi.
Qayd etilishicha, xorijiy oliy ta`lim muassasalariga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuboriladigan nomzodlar pedagogik-ilmiy faoliyat bilan shug`ullanayotgan, magistrlik darajasiga ega bo`lgan iqtidorli va samarali faoliyat ko`rsatayotgan xodimlar o`rtasida ochiq tanlov asosida saralab olinadi.
Xorijga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilish uchun yuborish bilan bog`liq xarajatlar esa "El-yurt umidi" jamg`armasiga xorijda doktoranturada ta`lim olish dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag`lar hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligiga ham qator vazifalar yuklanmoqda.
Jumladan, vazirlik Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutiga 2024 yildan boshlab har yili to`lov-kontrakt shartnomasi asosida tayanch doktorantura uchun kamida 3 tadan, stajyor-tadqiqotchilik uchun kamida 2 tadan kvota ajratilishini hamda nomoddiy madaniy meros namunalarini tadqiq etish, xususan, maqom va baxshichilik san`ati bo`yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasining tanlovlar asosida shakllantirilishini ta`minlashi kerak.






