Qirg`iz Respublikasidan O`zbekistonga kontrabanda yo`li bilan olib o`tilgan qariyb 2 kilogramga yaqin "gashish" moddasi qo`lga tushdi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o`tkazilgan tadbirda giyohvandlik vositasini sotmoqchi bo`lgan shaxslar ushlanib, sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.
Quva tumanida yashovchi F. Sh. shulardan biri. Ilgari ham sudlanib, uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. U D. T., A. B. hamda qirg`izistonlik "Nurlan" ismli shaxslar bilan giyohvandlik moddasi savdosining jinoiy rejasini tuzishadi. F.ning vazifasi ko`p miqdordagi giyohvandlik vositasini O`zbekistonga o`tkazishda yordam berish edi. A. B. va F. Sh. avtomashinasini garovga qo`yib, 7 ming AQSh dollari olishadi. F.ning ko`rsatmasi bilan A. B. Qirg`iziston Respublikasi fuqarosi "Nurlan" ismli shaxs bilan uchrashgan. Undan 5 ming AQSh dollariga giyohvandlik moddasini sotib olib, O`zbekiston hududiga o`tkazib berishga kelishgan.
D.T. Quva tumanidagi chegara hududida ko`p miqdordagi giyohvandlik vositasini qabul qilib olib, F.ning topshirig`iga asosan Andijon tumani Chem mahallasida A. B.ga etkazgan. O`tkazilgan tezkor tadbirda A. B. juda ko`p miqdordagi giyohvandlik vositasini kelgusida sotishni maqsad qilgan vaqtda daliliy ashyo bilan qo`lga olindi.
Sud-kimyoviy ekspertizaning xulosasiga ko`ra, olingan vosita "gashish" giyohvandlik moddasi bo`lib, sof og`irligi 1986 grammligi aniqlangan. Sud hukmiga ko`ra, F.Sh.ga 10 yil 6 oyga muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.






