O`zbekistonda pirotexnika vositalarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, respublika hududiga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan.
Shunga qaramay, yaqinda nishonlangan Yangi yil bayrami arafasida mamlakatning barcha hududlarida bo`lgani kabi Toshkent shahrida ham pirotexnika vositalaridan keng ko`lamda foydalanildi. Bu, o`z navbatida, aholining haqli e`tirozlariga sabab bo`ldi.
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi Q.Burxonov Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo`mitasi raisiga senator so`rovini yubordi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, so`rovda pirotexnika vositalari bilan bog`liq holatlardan, ayniqsa, keksalar, bemorlar, yosh bolalar va boshqa toifadagi fuqarolarning bayram kunlari tinchligi buzilgani, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda ko`p muhokama etilib, foydalanuvchilarning bojxona organlariga e`tirozlari bayon qilingani aytib o`tildi.
Shuningdek, so`rovda bojxona organlari tomonidan pirotexnika vositalari bilan bog`liq ko`plab qonunbuzarliklar bartaraf etilgani haqida OAV orqali chiqishlar qilingani, Yangi yil bayrami kechasida esa bunday choralar kutilgan samarani bermagani qayd etildi.
Shulardan kelib chiqib, senator Bojxona qo`mitasi raisidan pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda mamlakatga olib kirish va olib chiqish yoki o`tkazish bilan bog`liq salbiy holatlar nima sababdan to`liq bartaraf etilmayotgani, mazkur vositalarning noqonuniy aylanishiga qanday omillar sabab bo`layotgani yuzasidan ma`lumot taqdim etishini so`ragan.
Shu bilan birga, qonunchilikda bu borada qanday bo`shliqlar mavjudligi, qayd etilgan qonunbuzarliklarni to`liq bartaraf etish bo`yicha bojxona organlari tomonidan tezkor ravishda amalga oshiriladigan choralar haqida ma`lumotlar, shuningdek, Oliy Majlis Senatiga tegishli takliflar taqdim etish so`raldi.






