Avvalroq, IIV Tezkor-qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi tomonidan Telegramda “Hello Tashkent, salam Tashkent” nomli kanal hamda guruhlarni tashkil etib, ularga fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatini kamsituvchi videotasvirlarni joylashtirib kelgan guruh aniqlanib, qo`lga olingan edi. Oliy sud ularga nisbatan chiqarilgan sud hukmini e`lon qildi.
Ma`lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudida Jinoyat kodeksining 130-moddasi (pornografik mahsulot tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) 2-qismi “b” bandi, 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, ”g” bandlari, 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismi, 141-3-moddasi (shaxsning sha`nini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma`lumotlarni oshkor qilish) 2-qismi “b”, “v” bandlari va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan guruh a`zolariga oid jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e`lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo`yicha Mirzo Ulug`bek tuman sudining sudyasi J.Saidov raisligida Jinoyat-prosessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko`rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko`rib chiqildi.
E`lon qilingan sud hukmiga muvofiq guruh a`zolariga 3 yildan 7 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat vositasi deb topilgan Telegram messenjeridagi tegishli kanal va akkauntlar Raqamli texnologiyalar vazirligi orqali bloklanishi belgilandi. Jabrlanuvchilarga jinoyat doirasida etkazilgan moddiy va ma`naviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari borligi tushuntirildi.
Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma`lum qilindi.






