Avval xabar berganimizdek, Rossiyaning Nijnelomov rayonida“JAC” rusumli “Miniven” avtomobili va “Volvo” rusumli yuk avtomobili to`qnashishi oqibatida avtomobil ichida bo`lgan jami 9 nafar O`zbekiston Respublikasi fuqarolaridan 7 nafari voqea joyida halok bo`lgan, 2 nafar yo`lovchi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan edi.
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning topshiriqlariga asosan Hukumat farmoyishi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o`rinbosari boshchiligida tashkil etilgan ishchi guruh kecha, 12 yanvar kuni Penza viloyatiga etib borib, Rossiya Federasiyasining mas`ul idoralari rahbarlari bilan uchrashdi va hamkorlik asosida tashkiliy va amaliy harakatlar olib borildi. Shundan so`ng maxsus bort Rossiya Federasiyasidan uchib, 13 yanvar kuni soat 06:50 larda Xorazm viloyatidagi “Urganch” xalqaro aeroportga kelib qo`ndi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Rossiya Federasiyasi mas`ullari yuzaga kelgan mazkur baxtsiz hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jarohatlanganlarga tez tibbiy yordam ko`rsatishda yaqindan ko`mak berishdi.
Jarohatlangan fuqarolarning 1 nafari 12 yanvar kuni tonggi vaqtda Penza shahridagi shifoxonada shifokorlarning muolajalariga qaramasdan vafot etgan.
Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Tashqi ishlar, Sog`liqni saqlash va Transport vazirliklari hamkorligida 8 nafar vafot etgan fuqarolarning jasadlari yashash manzillariga yuborildi. Hozirda mahalliy hokimliklar tomonidan dafn marosimlarini o`tkazish yuzasidan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Jarohatlangan yana 1 nafar fuqaro Penza shahridagi kasalxonada, davolanish ishlari yakuniga etgandan so`ng O`zbekiston Respublikasiga qaytariladi. Hozirgi vaqtda kasalxonaga joylashtirilgan fuqaro shifokorlarning qat`iy nazoratiga olinib, tegishli muolajalar o`tkazilmoqda.






